AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 2,5 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy saytida xabar berildi.
Baydenning bayonotiga ko‘ra, ushbu harbiy yordam paketi havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya snaryadlari va “boshqa o‘ta muhim qurol-yarog‘lar”ni ham zudlik bilan, ham uzoq muddatda yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.
Yangi paketga Pentagon zaxiralaridan 1,25 milliard dollarlik harbiy ta’minot, shuningdek, Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) doirasida 1,22 milliard dollarlik yordam kiradi.
USAI dasturi bo‘yicha Pentagon tayyor qurollarni topshirmaydi, balki qurol ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzadi. USAI doirasida qurol yetkazib berish uchun oylar yoki yillar ketishi mumkin. Oq uy xabariga ko‘ra, bu ushbu dastur doirasida mavjud bo‘lgan so‘nggi mablag‘lardir.
“Men o‘z ma’muriyatimga Ukrainaga imkon qadar tezroq yordam ko‘rsatishni davom ettirishni buyurdim, jumladan, Ukrainaning eskirgan texnikalarini olib chiqib, ularni jang maydoniga tezda yetkazib berish, keyin esa AQSh mudofaa sanoat bazasini modernizatsiya qilish va zaxiralarimizni yangi qurollar bilan to‘ldirish. Mudofaa vazirligi yuz minglab artilleriya o‘qlari, minglab raketalar va yuzlab zirhli transport vositalarini yetkazib berish jarayonida, bu esa qishga yaqinlashayotgan Ukrainaning qo‘llarini baquvvat qiladi. Mening ko‘rsatmamga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar lavozimimning qolgan qismida Ukrainaning ushbu urushdagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun tinimsiz ishlashda davom etadi”, — dedi Bayden.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 29-dekabr kuni kechqurun yordam paketi haqida ma’lum qilgandi. “Men Amerikaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim qarori tayyorlanayotganidan xabardorman — biz ertagayoq rasmiy e’lonni kutmoqdamiz: jangchilarimiz uchun kattagina qo‘llab-quvvatlash paketlari”, — degandi u.
CNN telekanali sentabr oyida 2024-yil aprelidan boshlab AQSh o‘z zaxiralarining qisqarishi tufayli Ukrainaga harbiy yordam hajmini qisqartirganini ta’kidlagan. O‘shanda Pentagon Kiyevga bir milliard dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qilgan, ammo shundan keyin paketlarning hech biri 400 million dollardan oshmadi, ba’zilari bundan ham kamroq bo‘ldi — mos ravishda 125 va 250 million dollar. Shu bilan birga, 2024-yil dekabr oyida yordam paketlari yana ko‘paydi: 3-dekabrda Oq uy Ukrainaga 725 million dollar, 7-dekabrda 988 million dollar, 13-dekabrda 500 million dollar miqdorida harbiy yordam ajratilishini e’lon qildi.
Reuters nashrining ta’kidlashicha, hozirgi harbiy yordam paketi Jo Bayden ma’muriyatining Ukrainani to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘nggi qadamlaridan biri bo‘lishi mumkin.