Shavkat Mirziyoyev 27-dekabrdagi farmoni bilan o‘simlik yog‘i importi uchun bojxona bojlarining nol stavkasi muddatini uzaytirdi.

Hujjat bilan kungaboqar, maxsar va paxta yog‘lari hamda ularning fraksiyalarini (kimyoviy tarkibi o‘zgartirilmagan holda rafinatsiyalangan yoki rafinatsiyalanmagan) import qilishda bojxona boji nol stavkasining amal qilish muddati 2026-yil 1-yanvargacha uzaytirildi (TIF TN kodi 1512).

Biroq yangi, sovitilgan yoki muzlatilgan parranda go‘shti va oziq-ovqat qo‘shimcha mahsulotlarini (TIF TN kodi 0207) olib kirishda imtiyoz uzaytirilmasligiga qaror qilindi.

Eslatib o‘tamiz, go‘sht, yog‘, un, sovun va boshqa besh turdagi tovarlarni olib kirish bo‘yicha bojlar 2021-yil 30-dekabrda nolga tenglashtirilgandi, bu tartib 2022-yil 31-dekabrga qadar amal qilgan, keyin esa muddat 2023-yilga qadar va 2024-yilga qadar uzaytirilgandi.

Keyinchalik 2025-yilgacha imtiyozlar faqat yog‘ va parranda go‘shti uchun uzaytirilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda 59 turdagi oziq-ovqat va boshqa tovarlar, shu jumladan, go‘sht, sut mahsulotlari, sabzavot va mevalar bo‘yicha import bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilgani haqida xabar bergandik. Qaror ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.