Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tahrirdagi “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. U 2025-yil 29-martdan kuchga kiradi.
Avvalgi qonun 1993-yilda qabul qilingan, shuning uchun “bu sohadagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati paydo bo‘ldi”, deyiladi Senat xabarida.
Qonunning eski versiyasida davlat sirlarini himoya qilish sohasidagi organlarning vakolatlari, maxfiylik darajasi, ma’lumotlarni maxfiylashtirish va davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat berish muddatlari belgilanmagan. Shu sababli davlat sirlaridan foydalanish va muomala qilishning huquqiy asoslari turlicha talqin qilinadi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining maxfiy qarorlari asosida davlat sirlari bilan ishlash va ularni muhofaza qilish, maxfiylikni ta’minlash va maxfiy rejimda ishlashni tartibga solish tartibi tasdiqlandi.
Ushbu qarorlarning maxfiyligi sababli O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat sirlaridan foydalanish huquqlarini yetarli darajada bilmasliklariga olib kelmoqda.
Shuningdek, amaldagi qonunda davlat sirlari bilan tanishish uchun ruxsat berish tartibi, maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati, davlat sirlarini boshqa davlatlar bilan o‘zaro almashish mexanizmi ham tartibga solinmagan edi.
Hujjatda davlat sirlarini saqlash sohasidagi yagona davlat siyosati prezident tomonidan belgilanishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Davlat xavfsizlik xizmati va davlat sirlaridan foydalanuvchi boshqa tashkilotlarning sohadagi vakolatlarini aniq belgilab berilmoqda. Eski qonunga ko‘ra, vakolatlarni faqat Davlat xavfsizlik xizmati belgilardi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasi:
- davlat sirlari sohasidagi hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini tashkil etadi va ularni amalga oshirish choralarini ko‘radi;
- maxfiy axborotni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar tuzadi va ularni amalga oshirish choralarini ko‘radi;
- davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga taqdim etish tartibini belgilaydi;
- maxfiy-rejim organlarini tashkil etish, ularning faoliyati va tugatilishi tartibini belgilaydi;
- davlat sirlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi;
- davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish, maxfiylashtirish, maxfiylikdan chiqarish, shuningdek, davlat sirlari va ularni tashuvchilar himoya qilinishini ta’minlash tartibini belgilaydi;
- O‘zbekistonda maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini va uni shakllantirish tartibini tasdiqlaydi;
- davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yo‘qotilishi oqibatida O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi;
- ma’lumotlarni va ularning tashuvchilarini maxfiylashtirish natijasida ma’lumot tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi;
- va boshqalar.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar davlat sirlari bilan bog‘liq faoliyat uchun ruxsatnoma olish uchun DXXga murojaat qiladi, maxfiy-rejim organlarning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga tegishli malakaga va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan sertifikatlarga ega bo‘lgan xodimlarni tayinlaydi, davlat sirlaridan foydalanishga ruxsat berilgan shaxslarning o‘qishini ta’minlaydi va boshqa vakolatlarga ega.
Davlat sirlariga kiritilgan ma’lumotlar to‘rt toifaga bo‘linadi:
- harbiy soha;
- tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy sohalar;
- razvedka va tezkor qidiruv faoliyati yo‘nalishlari;
- iqtisodiyot, ta’lim, fan va texnika sohalariga doir ma’lumotlar.
Ushbu ro‘yxat hukumatning 1994-yilgi qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada maxfiy qilib berilgan.
Xususan, harbiy sohadagi davlat sirlariga quyidagilar kiradi:
- qo‘shinlarning birgalikda harakatlanish rejalarini, tezkor rejalarni, maxfiy obyektlarni qo‘riqlash hamda mudofaa qilish rejalarini fosh etuvchi ma’lumotlar, jangovar boshqaruv hujjatlari, favqulodda vaziyatlarda Qurolli Kuchlar qo‘shinlarini turli darajadagi jangovar shaylik holatiga keltirish bo‘yicha hujjatlar;
- Qurolli Kuchlarining strategik jihatdan yoyilishi, soni, jangovar ta’minoti, holati, qurollanishi, tashkiliy tuzilmasi, rivojlanishi, jangovar tarkibi yoki miqdori, jangovar tayyorgarligi to‘g‘risidagi, shuningdek, harbiy-siyosiy va (yoki) tezkor vaziyat haqidagi ma’lumotlar;
- qo‘shinlarning safarbarlik jihatdan yoyilishi, odamlarni va transport vositalarini safarbar qilish, safarbarlik jihatdan yoyilishni boshqarish tizimi va (yoki) qo‘shinlarni shaxsiy tarkib bilan butlash, qurol-yarog‘, harbiy texnika hamda boshqa moddiy va moliyaviy vositalar bilan ta’minlash imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- davlat mudofaa buyurtmasi doirasidagi buyurtmalar, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani ishlab chiqarish hamda yetkazib berish hajmlari va yo‘nalishlari, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning konstruksiyalari, ularni ishlab chiqarish texnologiyalari, ularning jangovar, fizik, kimyoviy tavsiflari to‘g‘risidagi, shuningdek, qurol-yarog‘ va harbiy texnikani qo‘llash tartibi haqidagi ma’lumotlar;
- harbiy maqsadlarda foydalaniladigan raketa yoqilg‘isi, balist poroxlar, portlovchi moddalar va portlatuvchi vositalar, shuningdek, qurol-yarog‘ va harbiy texnika uchun yangi qotishmalar, maxsus suyuqliklar, yoqilg‘ini fosh etuvchi ma’lumotlar;
- mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallangan aloqa tarmoqlari hamda telekommunikatsiya infratuzilmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- harbiy yoki maxsus maqsadlarda foydalaniladigan radiochastota polosalarining taqsimlanishini fosh etuvchi ma’lumotlar;
- O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab kosmik infratuzilmadan foydalanish va (yoki) uni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- harbiy obyektlar va infratuzilmalarning loyihalarini hamda harbiy-texnik ta’minot shartnomalarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
- respublika budjetining O‘zbekiston mudofaa qobiliyati va xavfsizligi ta’minlanishini fosh etuvchi xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (umumiy ko‘rsatkichlardan tashqari);
- va boshqalar (to‘liq ro‘yxat 20 banddan iborat).
Tashqi siyosatga oid va tashqi iqtisodiy sohadagi davlat sirlariga quyidagilar kiradi:
- barvaqt tarqatilishi O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan, tashqi siyosat strategiyasi va taktikasini fosh etuvchi, O‘zbekiston Respublikasining davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama munosabatlarini tavsiflovchi tashki siyosat, tashqi savdo, ilmiy-texnik aloqalar masalalariga doir ma’lumotlar va shu kabi boshqa ma’lumotlar;
- bitta yoki bir necha chet davlatga nisbatan siyosiy, iqtisodiy, harbiy yoki ilmiy-texnik masalalar yuzasidan ishonchlilik tartibida olingan ma’lumotlar, agar ularning oshkor etilishi manbaning aniqlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa;
- xalqaro munosabatlarda yagona prinsipial yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi vakillari va boshqa davlatlar vakillari o‘rtasidagi muzokaralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar muzokaralar ishtirokchilarining fikriga ko‘ra ushbu ma’lumotlarning oshkor etilishi taraflardan biri uchun diplomatik murakkabliklarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa;
- barvaqt tarqatilishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga, xavfsizligiga, siyosiy yoki iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xalqaro shartnomalarning tayyorlanishi, tuzilishi, mazmuni, bajarilishi, amal qilishi to‘xtatib turilgani yoki tugatilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- qurol-yarog‘, harbiy texnika yoki aslaha eksporti va importi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar ushbu ma’lumotlarning oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan qoidalarga zid bo‘lsa;
- chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan alohida davrdagi iqtisodiy hamkorlikning hajmi hamda mazmunini fosh etuvchi ma’lumotlar.
Razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv va davlat xavfsizligiga taalluqli bo‘lgan boshqa faoliyat sohasidagi sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
- razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatining kuchlari, vositalari, uslublari, rejalari, shakllari va natijalarini fosh etuvchi ma’lumotlar, shuningdek razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- aniq shaxslarning razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning kadrlar tarkibiga mansubligini fosh etuvchi ma’lumotlar;
- tezkor-safarbarlik tadbirlari, ularning holati va natijalari haqidagi ma’lumotlar;
- O‘zbekiston Respublikasi prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek, davlat organlarining ichki idoraviy hamda xalqaro himoyalangan aloqa tarmoqlari va tizimlari (joylashtirilgan obyektlari va qurilmalari), kriptografik himoya vositalarining kalitli (yaratish, ishlab chiqarish va ta’minlash) xujjatlari, kriptografik himoya vositalarini tahlil qilish uslublari yoki vositalari haqidagi hamda maxsus maqsadga mo‘ljallangan axborot-tahliliy tizimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergovni amalga oshirish kuchlari, vositalari va uslublarini fosh etuvchi ma’lumotlar, agar ular davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan vaziyatlarni tekshirish bilan bog‘liq bo‘lsa;
- davlat tomonidan qo‘riqlanadigan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash kuchlari, vositalari, uslublari, rejalari, uning tashkil etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- va boshqalar (9 banddan iborat).
Iqtisodiyot, ta’lim, fan va texnika sohasidagi davlat sirlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
- O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining urush davrida barqaror ishlashiga tayyorgarligini belgilovchi ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- iqtisodiyotning turli tarmoqlarida prinsipial jihatdan yangi buyumlarni, texnologik jarayonlarni yaratishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan, shuningdek, qurol-yarog‘ va harbiy texnika imkoniyatlarining, ularning jangovar samaradorligini oshirishning sifat jihatidan yangi bosqichini belgilovchi fan va texnika sohasidagi yangi yutuqlarning mohiyatini fosh etuvchi ma’lumotlar;
- metallurgiya sanoati tomonidan ayrim turdagi nodir metallarni va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa materiallarni ishlab chiqarish haqidagi ma’lumotlar;
- yer qa’ridagi resurslar potensialini, balans zaxiralarni yoki ayrim turdagi foydali qazilmalarni qazib olish to‘g‘risidagi axborotni fosh etuvchi ma’lumotlar;
- davlat hujjatlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish usullari va ularning haqiqiyligini aniqlash usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- indikatsiya, gazdan tozalash, aholini ommaviy qirg‘in qurolidan kimyoviy himoya qilish vositalarini yoki ushbu vositalar uchun yangi sorbsion va boshqa materiallarni yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ishlarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
- muhim mudofaa yoki iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan topografik, geodezik yoki kartografik faoliyat natijalarini fosh etuvchi ma’lumotlar;
- safarbarlik chog‘ida temiryo‘llarning yuklarni temiryo‘llarda tashishni ta’minlash, harbiy yuklarning tashilishini tashkil etish bo‘yicha imkoniyatlari va (yoki) zaxiralarini hamda hajmlarini, energetik, mineral va qishloq xo‘jaligi xomashyosining, yoqilg‘ining, materiallarning strategik turlarini, qurol-yarog‘ning yoki harbiy texnikaning alohida turlarini tashish hajmlarini hamda transportda tashish yo‘nalishlarini, shuningdek, temiryo‘l harakati xavfsizligini va yuklarning but saqlanishini ta’minlashga doir maxsus chora-tadbirlarni fosh etuvchi ma’lumotlar;
- fuqaro muhofazasi kuchlarining yoki vositalarining holatini fosh etuvchi ma’lumotlar;
- O‘zbekiston Respublikasining mudofaa manfaatlarini ko‘zlab foydalanilishi mumkin bo‘lgan kon qazilmalari, tabiiy bo‘shliqlar, metropoliten va boshqa inshootlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek aholisi 200 ming kishidan ortiq bo‘lgan shaharlarning ichimlik suvi ta’minoti sxemalarini, temiryo‘l bog‘lamalari, strategik va mudofaa ahamiyatiga ega bo‘lgan obyektlarning sxemalarini va (yoki) ichimlik suvi ta’minoti bosh inshootlarining, ularni ta’minlovchi suv ajratgichlarning joylashishini fosh etuvchi ma’lumotlar;
- yadroviy materiallarning va yadro qurilmalarning jisman himoya qilinishini ta’minlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bundan O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan va ularni ayirboshlashni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalar ta’siriga tushadigan ma’lumotlar hamda ochiq manbalardan olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar mustasno;
- O‘zbekiston milliy valyutasini va davlat qimmatli qog‘ozlarining blankalarini qalbakilashtirishdan himoya qilish usullari hamda ularning haqiqiyligini aniqlash usullari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- va boshqalar (25 banddan iborat).
Maxfiylashtirish tartibi
Ma’lumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish va ularni maxfiylashtirish maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati asosida amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarning maxfiylik darajasidan kelib chiqqan holda ularni tarqatish, taqdim etish va (yoki) cheklovlar o‘rnatish bo‘yicha chora-tadbirlar davlat sirlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari doirasida amalga oshiriladi.
Maxfiy ma’lumotlar ro‘yxati Davlat siri jumlasiga kiruvchi ma’lumotlar asosida va davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning markaziy organlari takliflaridan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan DXX bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari ma’lumotlarni davlat sirlari tarkibiga kiritish to‘g‘risidagi qarori uchun shaxsan javob beradi.
Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiyligining quyidagi uch darajasi va ushbu ma’lumotlarni tashuvchilar uchun ushbu darajalarga muvofiq maxfiylik griflari belgilanadi:
- maxfiylikning birinchi darajasi — “Alohida ahamiyatli”;
- maxfiylikning ikkinchi darajasi — “Mutlaqo maxfiy”;
- maxfiylikning uchinchi darajasi — “Maxfiy”.
Davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddati davlat ahamiyatiga molik sir uchun — 30 yildan, xizmat siri uchun — 10 yildan oshmasligi kerak.
Maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar
Ayrim ma’lumotlar davlat sirlariga kiritilishi mumkin emas:
- fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida;
- tabiiy ofatlar, ularning prognozlari va oqibatlari to‘g‘risida;
- ekologiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, demografiya va ijtimoiy ta’minotning holati to‘g‘risida;
- jinoyatchilikning holati va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida;
- davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilikning buzilishlari haqidagi ma’lumotlar;
- foydalanishi, tarqatilishi va taqdim etilishi qonun bilan cheklanmagan boshqa ma’lumotlar.
Bunday ma’lumotlarni maxfiylashtirish to‘g‘risida asossiz qaror qabul qilgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi, fuqarolar esa bunday qarorlar yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar mulkdorlardan ma’lumotlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risida shartnomalar tuzish huquqiga ega. Shartnomada ma’lumotlar mulkdoriga to‘lanadigan kompensatsiya miqdori va ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyati ko‘rsatiladi.
Mulkdor voz kechgan taqdirda, boshqa shaxsga o‘tkazish sudning qaroriga binoan kompensatsiya to‘langan holda majburiy amalga oshirilishi mumkin.
Biroq chet el fuqarolari va tashkilotlariga tegishli ma’lumotlarga bo‘lgan mulk huquqi, agar ular qonun buzilmasdan tayyorlangan bo‘lsa, cheklanishi mumkin emas.
Fuqarolar bunday qarorlarga sudda e’tiroz bildirish huquqiga ega.
Davlat sirlaridan foydalanish
Davlat siridan foydalanish ruxsat berishni talab qiladigan lavozimlar nomenklaturasi asosida tartibga solinadi.
Ruxsatnomani rasmiylashtirish DXX tomonidan amalga oshiriladi. Ruxsatnomaga ega bo‘lmagan shaxslar davlat sirlariga kirishni talab qiladigan lavozimlarga tayinlanishi mumkin emas.
Ruxsatnoma O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga (xalqaro shartnomalarga rioya qilgan holda) rasmiylashtirilishi mumkin.
Davlat siridan foydalanishga ruxsat olish uchun axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi yozma majburiyat, qonun hujjatlariga muvofiq o‘z huquqlarini cheklashga yozma rozilik, vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkaziladigan tekshirish tadbirlariga rozilik, davlat sirlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shu jumladan ularni buzganlik uchun javobgarlik choralari bilan tanishish talab etiladi.
Prezidentga, bosh vazirga, Qonunchilik palatasi deputatlariga, Senat a’zolariga, sudyalarga, davlat lavozimlariga prezident tomonidan tayinlanadigan shaxslarga tekshirish tadbirisiz ruxsat beriladi.
Ruxsat berishni rad etish uchun asoslar:
- sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan bo‘lsa;
- davlat sirlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq jinoyat, fuqarolik yoki ma’muriy ishning mavjudligi;
- sudning muomalaga layoqat siz yoki layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi qarori;
- tekshiruvlar natijalari bo‘yicha xavfsizlikka tahdidlarni aniqlash;
- tekshiruv tadbirlaridan qasddan bo‘yin tovlash yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish.