Haydovchi G‘ayrat Do‘stovning Toshkent shahri Bektemir tumanidagi metan zapravkalardan birida navbati yetganda shoxobcha yopib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, mas’ullarga yo‘llagan keskin videosi tarmoqlarda keng muhokamalarni keltirib chiqardi. Uning mayda bezorilik sodir etganlikda ayblanib, 15 sutkaga qamalishi esa jamoatchilik tanqidiga sabab bo‘ldi. Faollar, shuningdek, poyabzali yirtilib ketgan, mashinani ijaraga olib haydaydigan va shu orqali (videodagi gapi buyicha) bola-chaqasi uchun mehnat qilayotgan fuqaroga yordam berish uchun pul yig‘ishni tashkillashtirdi. Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, G‘ayrat Do‘stov ishi buyicha apellyatsiya sudi 3-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. “Gazeta.uz” ishga doir ma’lumotlarni bir yerga jamladi.

Birinchi videomurojaat

24-dekabr kuni internetda G‘ayrat Do‘stov yo‘llagan video paydo bo‘ldi. U videoda “Morotrans” MCHJga qarashli gaz quyish shoxobchasida bir necha kun navbat kutib ham avtomashinasiga yonilg‘i quydira olmaganini ta’kidlaydi.

“O‘zbek xalqi shunaqa qo‘ymi? Kechasi bilan yotibdi mana bu yerda. Xohlagan paytinglarda mashinani kiritasizlar, xohlagan paytinglarda yopib qo‘yasizlar. Shuncha odam nimaga turibmiz? Aka, mening uyimda nogironlarim bor, kasallarim bor. Men bitta shu Damas`ni haydayman, shundan bir-ikki so‘m tirikchilik qilaman. Kechasi bilan yotganman bu yerda. Nimaga yopib tashlaysanlar, qani o‘sha katta, chaqiring 102 ni. Aka, hozir shuni maydalayman bor-ku (zapravkaning kassa oynasini ko‘rsatib — tahr.), maydalab tashlayman hozir, chaqiring. Ikki kundan buyon yotibman mana shu yerda. Iymon, insof bo‘lishi kerakmi ozgina?.. 37 million aholi, 1 million bor-ku, bitta muttahamga ishlayapti hozir. Salgina bir og‘iz gapirsang, ana bu yerga olib borib, agitatsiya qilyapsan, yo‘qotyapsan, sening miyang, toming ketgan [deyishadi], qanaqasiga?” — deydi u murojaatida.

G‘ayrat Do‘stov videochiqishida oilasida nogironlar borligini aytib, tagi yirtilib ketgan poyabzal kiyib yurganini ko‘rsatgan.

“Mana, ey inson, tepadagi rahbarlar, pi****s, mana, qanaqa oyoq kiyim kiyib yuribman? Uyimda bor-ku, yeyishga bitta tuzik narsa yo‘q, shifoxona har kuni, nogironim bor. Kechasi bilan yotdim bu yerda, zapravkaning oldida yotganman. Qani, qani bu yerda haqiqat? Murdacha ham kiymaydi mana bunaqa oyoq kiyimni. Tushunyapsanmi? Ey ifloslar, nima qilyapsanlar o‘zi? Prezident qayerga qarayapti? Atrofdagilari qayerga qarayapti? Bo‘lmasa bor-ku, avtomatni olib chiqib, otib tashlalaring hamma kishini. Qanaqa ahmoqchilik bu?” — deydi arzchi.

Shuningdek, fuqaro benzin zapravkalarda ham navbat mavjudligi va uni ham olish qiyinligini aytdi. “Quyib beradigan benziniga mashinalarning motori erib ketyapti. Uni nazorat qiladigan biror tashkilot yo‘qmi?” — deya qo‘shimcha qildi erkak.

“Qani o‘sha hokimiyatdan, zo‘rroqlari, kattarog‘i, mansabda o‘tirganlar, birontang mana shu yerga kelib, zapravkada bir kecha emas, bir soat navbat kutib tura olasanmi? Turmaysan-ku”, — degan Do‘stov navbat kutib turgan o‘nlab kishilarni ko‘rsatdi.

Ikkinchi videomurojaat

24-dekabr kuni kechki payt G‘ayrat Do‘stovga tegishli navbatdagi video tarqaldi. Unda u birinchi videoda aytgan fikrlari uchun mas’ullardan uzr so‘ramasligini bildirgan.

“Men gapirgan gaplarim uchun, bildirgan shikoyatlarim uchun, noroziligim uchun, og‘zimdan qanaqadir qo‘pol so‘zlar chiqqan bo‘lsa, tepadagilardan, mas’ul shaxslardan, metan gaz bilan bog‘liq muammo bo‘lgan holatdagi rahbarlardan — birortangizdan kechirim so‘ramoqchi emasman… Men hech qanday bir oqimga a’zo emasman, boshqa ham emasman. Men shunchaki insonman, o‘zimning haq-huquqimni talab qilaman”, — degan haydovchi.

U Damas mashinasini ijaraga olib haydashini, uni kechqurun zapravkaga navbatga qo‘yib ketgan vaqtida noma’lum shaxslar avtomobil oynalarini sindirib ketganini aytgan.

“Sizlar bir narsani ozgina o‘ylayapsizlarmi? Prezident qayerga qarayapti? Bosh vazir qayerga qarayapti? Atrofdagi mas’ullar qayerga qarayapti? Hech narsani bilmaysizlarmi? Juda yaxshi bilasizlar. Oddiy xalq zapravkaga kirib, ikki, uch kun navbatda turib, bitta metan quyib chiqsak, huddi yosh bolaga o‘xshab xursand bo‘lamiz. Kulgili holat emasmi? Bu qanaqangi holat? O‘zbekiston qoloq davlatmi? Shuncha ham past davlatmi? Boyligi kammi? Yerosti, yerusti boyliklari, resurslari keragidan-da ziyod-ku. Nimaga shularni xalqqa bermaysizlar?” — deya qator savollar qo‘ygan u.

“Mening bugungi noroziligim hech qanday agitatsiya ham emas yoki men xalqni bir joyga to‘plab, qo‘zg‘olonga ham tayyorlaganim yo‘q. Qani yangi O‘zbekiston?.. Qani o‘sha qonun, ishlaydigan o‘sha qonun qani?” — deydi erkak.

U mas’ullardan hech bo‘lmaganda yonilg‘i, metan zapravka, elektr energiyasi kabi asosiy ehtiyojlarni xalqqa bemalol qilib qo‘yishlarini so‘ragan.

“Haqiqatni aytganim uchun meni bugun ichki ishlar chaqira boshlayapti. Mayli, unga ham boraman, teparog‘iga ham boraman. Nima qilasizlar? Bu narsalarni shantaj deb o‘ylamanglar, men haqiqatni, yurakdagi gaplarimni aytyapman… Mana shu bilan (Damas`ga ishora qilib — tahr.) tirikchiligimni o‘tkazyapman. Zapravkadan gaz olaman desam, gaz yo‘q bo‘lsa. Benzinga boray desam, benzin yopiq bo‘lsa”, — deya so‘zlagan Do‘stov.

“O‘zimning tinchligim, bola-chaqam, uch kunlik hayotda yaxshi yashashim uchun o‘zim harakat qilishim kerak, o‘z fikrlarimni aytyapman… Demokratik davlat, so‘z erkinligi, fuqarolar erkinligi, qonun ustuvorligi bo‘lganidan keyin mening ham gapirishga haqim bormi? Nima uchun haqiqatni gapirsam, meni prokuraturaga chaqirasizlar shunchasi yetmaganidek”, — degan haydovchi.

Uchinchi videomurojaat

24-dekabr kuni G‘ayrat Do‘stovning uchinchi videosi paydo bo‘ldi. Unda fuqaro o‘zining sog‘-salomatligini qayd etgan.

“Oshna-og‘aynilar, qonun himoyachilari, posbonlar… Men kecha jahl ustida, siqilgandan, hayot muammolari bilan ancha-muncha fikrlarni aytdim. Kimdandir tiz cho‘kib uzr so‘ramoqchi emasman. Ko‘nglimdagi bor fikrlarimni ochiq aytdim. Allohga shukur, sog‘-salomatman. Menga hali hech kim bosim o‘tkazib, juda qattiq bir yomon holatga tushirib qo‘ygani yo‘q”, — deya so‘z boshlagan u.

“Erkin, ozod vatanda yashayapman. Fuqarolarning erkinligi bor, qonun ustuvorligi bor, so‘z erkinligi bor. O‘sha so‘z erkinligimdan foydalanib, o‘z fikrlarimni bildirib o‘tdim. Hozircha sog‘-salomatman, nafas olib turibman. Xudo xohlasa, mana, metanga yetib keldik. Nasib bo‘lsa, metanni olamiz-da, undan keyin uch-to‘rt so‘m pul topib, bugun qozonimiz qaynaydi”, — deya qo‘shimcha qilgan haydovchi.

15 sutka qamoq

31-dekabrga kelib, G‘ayrat Do‘stovga nisbatan sud xukmi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Hukm jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi raisi Durdona Dadaxanovaning raisligida 26-dekabr kuni o‘qib eshittirilgan.

“Gazeta.uz” o‘rgangan sud hujjatida G‘ayrat Do‘stov gaz quyish uchun navbatda turganida shoxobcha yopilgani sababli jahl ustida shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqorat qilib, baqir-chaqir qilgani, u qilgan ishidan pushaymonligi, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini bayon etib, suddan yengillik so‘ragani haqida so‘z boradi.

Sud G‘ayrat Do‘stovni MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan. Bundan tashqari, undan qamoqxona xarajatlari uchun 843 750 so‘m undirish belgilangan.

Jamoatchilik munosabati

G‘ayrat Do‘stovning ketma-ket e’lon qilingan videomurojaatlari tarqalar ekan, jamoatchilik faollarida unga nisbatan chora ko‘rilishi bilan bog‘liq xavotirlar bildirila boshlandi. “Agar erkak shu chiqishlari uchun-da qandaydir jazo oladigan bo‘lsa, keyin meni bu jamiyatda adolat borligiga hech kim ishontirolmaydi”, — deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov hukmdan ikki kun avval.

“Jamiyat, odamlar haqiqatni aytayotgan, haqqini talab qilayotgan qahramonni, hech bo‘lmasa, fikrlar bilan qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bu inson jazolanmasligi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Haydovchi qamalgani haqidagi xabarlardan so‘ng muhokamalar yanada avj oldi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev “og‘zi shaloq amaldorlar bitta uzr bilan qutulayotgan vaqtda oddiy bir xalq vakili qamab qo‘yilishini adolatdan emas”, deya baholadi.

“Agar xalq adolatni his qilsa, juda ko‘p muammolarga sabr bilan chiday oladi. To‘g‘ri, muammolardan norozi bo‘lib, e’tirozini baralla aytadiganlari ham ko‘p bo‘lishi tabiiy, chunki xalq bu yaxlit tana emas, 37 million xil insondan tarkib topgan. Ammo gapirib-gapirib, baribir muammolarga sabr qilishda, tishini-tishiga qo‘yib, turmush tashvishlari bilan o‘ralashishda davom etaveradi. Axloqsizlikka o‘tmaydi. Dardini aytib, sal yengillashishi mumkin, chunki bu jinoyat emas. Ammo xalq adolatni his qilmasa, har qadamda adolatsizlikni ko‘rsa, unda bu yomon. Bunaqada taranglashgan asablar axloq chegarasini kesib o‘tadi, oqibati kafolatlanmagan”, — dedi u.

“Yilni katta xato bilan boshladik. Afsus, ming afsus. Zig‘irchalik foydasi bo‘lmagan, ammo xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi nuqtai nazaridan juda katta zarar olib keladigan ushbu tashabbus kimdan chiqqanini bilmayman. Ammo bu xatoning o‘rnini qoplash uchun juda ko‘p ish qilinishi kerakligini aniq bilaman”, — dedi huquqshunos.

metan zapravka, ғайрат дўsтов ishi

Muallif: @habikatura

Yuqoridagi karikatura bo‘lsa Instagram`da “Inson qadri uchun ozodlik” shiori bilan fleshmobga aylandi hamda hozirgacha 35 mingga yaqin inson uni o‘z storislarida bo‘lishdi.

metan zapravka, ғайрат дўsтов ishi

Moliyachi, jamoatchilik faoli Otabek Bakirov 2025-yil boshida “inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilamiz”, degan shiorga ishonishi hamda fuqaro kafolat ostida olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘lishini yozdi.

“G‘ayrat Do‘stovga kafolat berib olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Tuman, shahar kengashi deputatlari bor. Mahalla bor. Uyida qaramog‘ida bola-chaqasi ko‘z tikib o‘tirgandir. Davlatning Kuch proporsiyasi bor, Mehr proporsiyasi ham. O‘z kuchiga ishongan davlat mehriniyam ayamaydi”.

Bundan tashqari, Otabek Bakirov sovuq kunlar kirib kelishi va yana navbatlar fonida istalgan boshqa o‘zbekistonlik ushbu fuqaroning o‘rnida bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. U energetika sohasi uchun mas’ullarni gaz berilmayotgan o‘rinda yetarlicha va jonli axborot berishga chaqirdi.

Bloger Shahnoza Soatovaga ko‘ra, G‘ayrat Do‘stov o‘zi istab emas, vaziyat va sharoit taqozosi bilan xalq qahramoniga aylandi.

“Yangi yilni nogironligi bor farzandi va oilasi davrasida emas, panjara ortida kutgan otayu; otasiz bayramni o‘tkazgan jo‘jabirdek oila ko‘z oldimga kelib, yurak ezilyapti. Bu ishda odamlar o‘ziga nisbatan adolatsizlik ko‘ryapti. Bu — fakt, tarmoqlarda yozilayotgan norozi fikrlar soni va salmog‘i soat sayin ortmoqda. Odamlarning kayfiyatini tushirib, ijtimoiy taranglikni orttirgan bu keys uzoq vaqt esdan chiqmaydi”, — deydi u.

Soatova muammoni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish muhimligini qayd etdi.

“Har yili sovuq tushsa, metan zapravkalarda odamlar noroziligini keltirib chiqaruvchi holatlar bo‘lyapti. O‘tgan yili o‘lasi qilib urilgan yigit voqeasi hali yoddan chiqmagandi. Hammaning ovozini ham, xotirasini ham o‘chirish imkonsiz. Shu o‘rinda Do‘stovning qiyin ahvolga tushib qolgan oilasidan mahalla tuzilmalari va ijtimoiy himoyaga mas’ul organlar xabar olishlarini iltimos qilaman”, — dedi u.

1-yanvar kuni tarmoqlarda G‘ayrat Do‘stovni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi boshlandi. Haydovchiga moddiy yordam berish maqsadida odamlar pul yig‘ishga kirishdi. Bir kun ichida 43,2 million so‘mdan ziyod mablag‘ to‘plandi.

metan zapravka, ғайрат дўsтов ishi

G‘ayrat Do‘stovning rafiqasi: “Oilasida hech qanday nogiron yo‘q”

2-yanvar kuni bloger Saodat Abduzakirova G‘ayrat Do‘stovning shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i deya tanishtirilgan Lola Jabboraliyeva bilan uning xonadonida qilgan suhbati videosini namoyish etdi.

“G‘ayrat Do‘stov bilan 2021-yilda tanishib, unga turmushga chiqqanman. U bilan 4−5 yil yashab qo‘ydim, bir o‘g‘il va bir qiz farzandimiz bor. Bir yildan beri oilaviy kelishmovchiliklar sababli yashamayapman. Oyim bizga uy olib bergan, erim u yerda yashashni xohlamaydi, uyni o‘z nomingga o‘tkazasan, deb gapiradi. Oyim „Meni nomimda turadi, u katta o‘g‘lingga, kelajakda unga qoladi, sen ering bilan uy olib chiqib ketaverasan“, deydi. Erim bunga ko‘nmaydi, shuning ortidan janjal bo‘lib, men ikkita bolamni olib ketib qolganman. Lekin erim bolalarni nomiga ham olmagan, familiyani o‘zim berganman”, — deydi ayol.

U suhbatda G‘ayrat Do‘stov turmushi davomida uy masalasida janjallashib, uni ko‘p marotaba kaltaklagani, u bilan bundan buyon yashamoqchi emasligini gapirgan.

“Jahli chiqsa, o‘zi ko‘p gapirib tashlayveradi. Bizneslari bor, o‘zi yaxshi pul topadi, meva-cheva bilan, bozor bilan shug‘ullanadi. Lekin bolalarga aliment, hech narsa olmayman. Faqat bolalar puli olaman va shuni ishlataman. U hech narsa olib bermaydi, pul ham bermaydi”, — deya qo‘shimcha qildi ayol. Shuningdek, u G‘ayrat Do‘stovning onasi nogiron emasligi va yarim yil oldin vafot etganini, oilasida nogiron odam yo‘qligini aytdi.

O‘z navbatida, Saodat Abduzakirova e’lon qilgan videolavha izohlarida Do‘stovning qamalishi va uning shaxsiy hayoti, jumladan, oilasidagi vaziyat orasida qanday bog‘liqlik borligi savolga tutilgan. Shuningdek, bu yerda e’tiborni avvalo haydovchi ko‘targan muammoga qaratish kerakligi haqida o‘xshash fikrlar qoldirilgan.