31-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh shaxslar qadoqdagi hojatxona qog‘ozlarini yig‘ib, uni avtomobil bilan buzib o‘tgani aks etgan video tarqaldi. Undan so‘ng holatni uyushtirganlar atrof-muhitni ifloslantirib, hududda qog‘oz chiqindilarini qoldirib ketgani haqida video paydo bo‘ldi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Qahramon Xudayberganov video ishtirokchisi bo‘lgan Jasurbek Shodiyev (Jasjan) ismli shaxs holat bo‘yicha javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi. Bloger uni “kontent uchun” qilgani, video tarmoqlarda 4 milliondan ortiq marotaba ko‘rilganini aytdi. U holat takrorlanmasligini aytib, uzr so‘radi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 30-dekabr kuni Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi Bog‘bon MFY hududida bo‘lgan. Fuqaro hojatxona qog‘ozlari uyumi ustiga chiqqan paytida mashina uning ostidan tezlikda yurib o‘tgan. Fuqaroga hech qanday jarohat yetmagan, mashina zarar ko‘rgan.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram`dagi kanalida fuqaroga IIBdan tashqari, Ekologiya inspeksiyasi xodimlari atrof-muhitni ifloslantirgani bo‘yicha BHMning 5 baravari miqdorida (1 mln 875 ming so‘m) jarima qo‘llagani haqida xabar berdi.

экология, hojatxona

Ayni paytda Ekologiya xodimlari huquqbuzarning boshqa sheriklarini ham aniqlab, ularga ham chora ko‘rish harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.