1-yanvar kuni AQShning Yangi Orlean shahrida mashina hudud markazida odamlar to‘planib turgan joyga kirib bordi. Hodisa Fransuz kvartalining asosiy ko‘chasi va shaharning eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri bo‘lgan Burbon-stritda sodir bo‘ldi. Bu ko‘chada ko‘plab barlar, restoranlar va tungi klublar joylashgan bo‘lib, hujum paytida ularning barchasi odamlar bilan gavjum edi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa tufayli halok bo‘lganlar soni kamida 15 kishini, jarohatlanganlar esa 35 kishini tashkil etmoqda. Buni shahar koroneri doktor Duayt Makkena tasdiqlagan. Halok bo‘lgan va jarohatlanganlarning aksariyati mahalliy aholidir.

Guvohlarning CBS News nashriga aytishicha, avtomobil haydovchisi olomon ichiga kirib kelgach, mashinadan tushgan va atrofdagi odamlarga qarata o‘q uzgan. O‘z navbatida, ikki politsiyachi ham yaralangan, yakunda hujumchi politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan.

Yangi yil kechasidagi hujumda AQSh fuqarosi, texaslik 42 yoshli Shamsuddin Jabbor ismli shaxs gumonlanmoqda. U 2007-yildan 2020-yilgacha AQSh armiyasida, armiyaga qo‘shilishdan oldin AQSh dengiz flotida ham bir oy xizmat qilgan. Armiya ma’lumotlariga ko‘ra, u shtab serjanti sifatida xizmatni tark etgan, deb yozadi CNN. U, shuningdek, bir vaqtlar Afg‘onistonda ham xizmat qilgan.

Hujum qasddan sodir etilgani aniqlandi. Politsiyaning ta’kidlashicha, gumonlanuvchi “imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirishga uringan”, shuningdek, u “qon to‘kish va zarar yetkazish g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan”. Federal tergov byurosi (FTB) fojiali voqeani “terrorchilik harakati” sifatida tekshirmoqda. Byuroning ma’lum qilishicha, voqea joyida qo‘lbola portlovchi qurilmalar topilgan. FTB bayonotida uning ijaraga olingan Ford mashinasidan ISHID guruhi bayrog‘i topilgani haqida so‘z boradi, shu boisdan ushbu shaxsning terroristik tashkilotlar bilan potensial aloqalarini aniqlash ustida ishlanmoqda.

Fojiaga AQShning iste’foga chiqayotgan prezidenti Jo Bayden ham, uning o‘rniga saylangan Donald Tramp ham munosabat bildirdi.

Jo Bayden “mahalliy huquqni muhofaza qilish organlarining yanada ko‘proq qurbonlar va yaradorlarning oldini olishga imkon bergan jasoratli va shoshilinch reaksiyasini” olqishladi. Prezidentning bayonotida, shuningdek, Bayden tergov davomida o‘z jamoasiga “barcha resurslardan foydalanishni ta’minlash” va “boshqa hech qanday tahdid yo‘qligiga ishonch hosil qilish”ni topshirgani aytiladi.

“Bayramni nishonlash uchun ko‘chaga chiqqan jabrlanuvchilar va ularning oilalariga chin qalbimdan hamdardlik bildiraman. Hech qanday zo‘ravonlikka oqlov yo‘q va biz millatimizning birorta ham jamoasiga qarshi qilingan har qanday hujumga aslo toqat qilmaymiz”, — deb yozdi prezident o‘zining X sahifasida.

“Mamlakatimizda jinoyatchilik misli ko‘rilmagan darajaga yetgan. Barchamiz begunoh qurbonlar, ularning yaqinlari, shu jumladan, Yangi Orlean politsiya departamenti xodimlarining oilalari bilan birgalikda qayg‘uryapmiz”, — deya Trampdan iqtibos keltirdi NYT.

“Men kirib kelayotgan jinoyatchilar bizning mamlakatimizdagi jinoyatchilardan ancha yomonroq deb aytganimda, bu bayonot demokratlar va soxta yangiliklar yozadigan ommaviy axborot vositalari tomonidan doimiy ravishda rad etildi, ammo bu haqiqat bo‘lib chiqdi”, — deb qo‘shimcha qilgan Tramp (yuqorida yozilganidek, mazkur ishdagi hujumchi — AQSh fuqarosi).

Eslatib o‘tamiz, Germaniyaning Magdeburg shahrida 20-dekabr kuni avtomobil Rojdestvo yarmarkasiga tashrif buyurganlar orasiga kirib borgandi. Bunda besh kishi halok bo‘lgan, ikki yuzdan ortiq kishi yaralangan.