O‘zbekistonda chet davlatlar avtotransport vositalarining mamlakatga kirgani va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlarning stavkalari ko‘rib chiqildi. Bu 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonundan anglashiladi.

Xususan, Turkmanistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuk mashinalarining kirishi uchun to‘lovlar sezilarli darajada oshirilmoqda. 2025-yil 1-yanvardan boshlab ular tonnasiga qarab:

  • 10 tonnagacha — bitta yuk mashinasi uchun 130 dollar (50 dollar bo‘lgan);
  • 10 tonnadan 20 tonnagacha — 180 dollar (100 dollar);
  • 20 tonnadan ortiq — 250 dollar (150 dollar).

Bundan tashqari, Turkmanistonning yuk avtotransport vositalaridan uchinchi mamlakatlardan yuklarni tashish va O‘zbekiston hududidan yuklarni olib chiqish uchun qo‘shimcha yig‘im summasi 200 dollarga — 175 dollardan 375 dollargacha oshiriladi.

Yevropa Ittifoqi davlatlari va Ozarbayjon uchun mamlakatda bo‘lish vaqti bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflar joriy etildi: 14 kungacha kirishda 80 dollar, 14 kundan ortiq — 280 dollar.

Ushbu yig‘imning transport vositasini O‘zbekiston hududiga kirishda hisoblangan summasi transport vositasini O‘zbekistondan chiqishda qayta hisoblanishi mumkin. Qayta hisoblash transport vositasining mamlakatda haqiqatda bo‘lish muddatiga bog‘liq.

O‘zbekistonga kirishda chet davlatlarning tashuvchilariga yuklarni avtomobilda xalqaro tashishga doir ruxsatnomalarning milliy tashuvchilar ehtiyojidan ortiqchasining har bir donasini realizatsiya qilish uchun 400 AQSh dollari miqdoridagi yig‘im belgilanadi. Bunda, tranzit ruxsatnomasi uchun ushbu yig‘im stavkasiga nisbatan 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent, uchinchi mamlakatlarga (dan) yuk tashish ruxsatnomasi uchun 2,0 ko‘paytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi.

Eron avtotransport vositalaridan O‘zbekiston hududiga kirgani va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlar stavkasi tenglik asosida “0” (nol) etib belgilanadi.

Qolgan mamlakatlar uchun to‘lovlar avvalgi darajada saqlanib qoldi:

  • Tojikiston — tonnaciga qarab 100−150−200 dollar;
  • Qozog‘iston — 300 dollar;
  • Qirg‘iziston — 300 dollar;
  • Afg‘oniston — 50 dollar.
    qolgan davlatlar — 400 dollar.

Oktabr oyida O‘zbekiston va Turkmaniston transport xizmatlari uchun to‘lovlarni teng va shaffof asosda olishga kelishib olgandi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yildan boshlab milliy tashuvchilar uchun yig‘imlar tenglashtiriladi.

Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron almashish (E-Permit) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunday tizimlar hozirda O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi tashuvlar uchun ishlaydi.