2025-yil 1-yanvardan boshlab “O‘zbekneftgaz” Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqariladigan barcha turdagi neft mahsulotlari, jumladan, avtobenzin faqat “erkin raqobat muhitida” birja savdolari orqali sotiladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“Respublika aholisining avtobenzinga bo‘lgan talabini bir maromda qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan bo‘lib, buning uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, birja savdolari 3-yanvardan boshlanadi.

Davlat kompaniyasining ta’kidlashicha, bugun mamlakatning tovarlar va xizmatlar bozorida samarali raqobat muhitini paydo qilish, monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish, taqsimlash tizimi unsurlarini tugatish, xo‘jalik yurituvchi barcha subyektlarning moddiy-texnika resurslar bilan ta’minlanishida teng shart-sharoitlarni yaratish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi Ai-80, Ai-91, Ai-92, Ai-95 benzinlari (asosan 80-benzin), aviatsiya yonilg‘isi, suyultirilgan gaz, dizel yonilg‘isi, o‘choq mazuti, texnik oltingugurt, propanli xladagent, pirolizli gazolin, uglevodorod eritkichi ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2017-yil 14-noyabrdagi qarori bilan bozor tamoyillari asosida faqat birja savdolari orqali sotiladigan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlar, xomashyo va materiallar ro‘yxati tasdiqlangan. Bu norma monopolist korxonalar va (yoki) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslarga taalluqlidir.

Ushbu ro‘yxatga 38 turdagi tovar va xomashyolar, jumladan, benzin, dizel, suyultirilgan gaz, mazut va boshqalar kiritilgan. Ya’ni, “O‘zbekneftgaz” qonunchilikka ko‘ra, benzinni birjada sotishga shundoq ham majbur.

“Gazeta.uz” “O‘zbekneftgaz”ga o‘zgarishlar qaysi mahsulotlarga taalluqli ekani bo‘yicha murojaat qildi.

O‘tgan yilning boshida Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga Ai-92 va undan yuqori markali benzin ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga 2026-yilgacha Ai-80 benzindan voz kechish rejalari haqida xabar bergandi. Shu bilan birga, yuqori oktanli benzin markalariga aksiz stavkalarini pasaytirish taklif qilingan. O‘zbekiston prezidenti 2025-yildan Ai-80 benzindan butunlay voz kechishni topshirgan. Biroq Ai-80 benzinidan foydalanishni taqiqlash yakunda 2028-yildan bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirildi.