O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi (KQAES) loyihasi jarayonida Toshkent va Jizzax viloyatlarida jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zatom agentligi Atom elektr stansiyasini qurish direksiyasi direktori Otabek Amanov YouTube`dagi Vatandosh intellektual klubidagi chiqishida aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatda AES va tadqiqot reaktorlarini qurish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari bitim imzolagan davr — 2017-yilda agentlik ijtimoiy fikr so‘rovnomasini o‘tkazgan. Direksiya rahbari o‘shanda aksariyat respondentlar loyihani qo‘llab-quvvatlaganiga ishontirdi.

“2017-yilda biz ijtimoiy fikr so‘rovnomasini o‘tkazdik. 2000 nafar respondent Toshkentda, 1500 nafar respondent [fikri] Jizzax va Forish tumanida o‘rganildi. Toshkentda 55−60 foiz, viloyatda ko‘proq 75−77 foiz odam loyihani qo‘llab-quvvatladi”, — dedi u.

AES qurish direksiyasi direktorining so‘zlariga ko‘ra, hozir loyihaning atrof-muhitga ta’sir hisoboti ishlab chiqilmoqda.

“Hozir bizda atrof-muhitga ta’sir hisoboti ishlab chiqilyapti. Bu ham shaffoflik deyman. Buni ekspertizadan o‘tkazishdan oldin Toshkent va Jizzax, kerak bo‘lsa, qo‘shni davlatda jamoatchilik eshituvini o‘tkazishimiz kerak. Jamoatchilik eshituvi o‘tgandan keyin biz ekspertizaga borishimiz kerak, ular bizni shu natija bo‘yicha qabul qiladi. Bu rejalashtirilgan”, — deya ta’kidladi Otabek Amanov.

Uning aytishicha, Jizzax viloyatining eng katta tumani bo‘lgan Forish agrar o‘lka, lekin uning bor-yo‘g‘i 10 foiz qismi suv bilan ta’minlangan. O‘sha tumanda katta loyiha qurilsa, rivojlanish ketadi. Bu Jizzax uchun drayver bo‘ladi, dedi u.

Jami obyektlar bilan loyihada 30 ming kishi ishlaydi. 10 yilning ichida bu ancha sohalarni, ijtimoiy sohani ham rivojlantiradi, deya ishontirdi Otabek Amanov.