O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov o‘zining Telegram`dagi kanalida gaz zapravkadan mas’ullarga murojaat qilgan va keyinchalik “mayda bezorilik” sabab 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov haqida post qoldirdi.

Uning postida bir necha mavzular haqida gap borgan.

“Isrof va qadrsizlik eng katta musibatlarimiz bo‘lsa kerak. Sog‘lik, qadr, imkoniyat va mablag‘ni ignada yig‘ib, belkurakda sovuradigan millatga aylanib qolayotgandekmiz… Yangi yilda italyanlar eski mebellarini yangi yilga o‘tkazmaslikka harakat qilishsa, biz pulimizni kelgusi yilga o‘tkazmaslikka harakat qilayotgandek harakat qilamiz. Bozorga kirgan hamma narsa sotiladi, yana ikki karra qimmatiga. 1-yanvar kunidan yangi pul muomalaga kiritiladigandek…”, — deb yozgan deputat.

Keyinchalik esa post to‘ylar mavzusida davom etgan.

“Xuddi shunday — to‘ylar… Ertaga kun yo‘qdek — isrof, tumonat, shovqin-suron, isrofgar dasturxonni yarmi axlatga otilishi bir dard, olomonning qahramoni bo‘lishga da’vogar, surushtirsang homiylik so‘ragan bolasining maktabida janjal qilgan yoki tashlab ketgan bolasini alimentiga daromadi yetarsiz, ikkisi ham bo‘lmasa, pul topib aql-baraka topmagan omadsiz-mast erkaklarni g‘ijimlab pul sochishi yana bir dard…”, — deb yozgan Alisher Qodirov.

Shundan so‘ng postda metan zapravkadagi murojaati bilan tanilgan va keyinchalik “mayda bezorilik” sabab 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov haqida gap boradi.

G‘ayrati va imkoniyatini qadrlamaydigan jamiyat bo‘lib qolayotgandekmiz… Metan bolaga tushunmadim, baraka topgur o‘zingni qadrla, g‘ayratingni bayramdan keyin qil, vazifasi surishtirish bo‘lgan idoralar surishtirishga majbur, bayramni bolalaring oldida emas, surishtiruv izolyatorida o‘tkazishing aniq ediku?”, — deb yozgan deputat.

“E’tirozning to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida keyinroq va kengroq, lekin bir oilada bolalar otasining tadbirsizligidan yangi yilni nafaqat kayfiyatsiz, otasiz ham kutishga majbur bo‘ldilar… Davlat, qonun, hukumat — bu institutlarning hammasi inson uchun ishlaydi. Inson uchun ishlash uchun insonlar uchun cheklovlar joriy etadi va uni qo‘llashga vakolatli va majbur. Dunyoni istagan davlatida haq va majburiyat bir-biriga chegara chizadi, qaysi tomon tartibliroq bo‘lsa, o‘sha tomonning hududi kengroq bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. O‘zini qadrlamaydigan, topganini tushunmaydigan, isrofchi jamiyatning haq hududi doimo tor bo‘lgan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Alisher Qodirov o‘z postini yangi yil tabrigi bilan yakunlagan.

“Biz yo‘lning boshidamiz, inson har yilda bir yoshga ulg‘aysa, davlatlar, jamiyatlar o‘n, yigirma, ayrimlari esa yuz yillarda bir yoshga ulg‘ayadi. Kuchli jamiyat bo‘lish uchun hali ko‘p tortishiladi, bu zarur va tabiiy jarayon, lekin qancha vaqt ketishi qadr va insof, baraka va isrof degan tushunchalarni tezroq anglab yetishimiz va hayotimizga tatbiq eta olishimizga bog‘liq. 2025-yil O‘zbekistonimizga hayrli va barakali kelsin”, — deb yozgan deputat.

G‘ayrat Do‘stov bilan bog‘liq voqealarning barcha tafsilotlari bilan “Gazeta.uz”ning mana bu materialida tanishish mumkin.