2024-yil 24-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman fuqaroni kaltaklab, uning o‘limida gumonlangan IIB xodimiga sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud hujjatini o‘rgandi.
Hujjatga ko‘ra, gumonlanuvchi Firdavs Muradullayev 2022-yil yanvar oyidan 2024-yil 1-iyulga qadar Toshkent viloyati IIBB uchinchi mintaqaviy hudud Bekobod shahar IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktika bo‘linmasi profilaktika inspektori lavozimida ishlab kelgan. U huquqni muhofaza qiluvchi organ mansabdor shaxsi bo‘la turib, mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan.
2024-yil 19-iyun kuni soat 17:30 larda Bekobod tumanida profilaktika inspektorlari tomonidan IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsatgani sababli aka-uka Dilmurod va Dilshod Yusupvaliyevlar JIB Bekobod shahar sudi binosidan Bekobod shahar IIB ma’muriy binosiga kuch ishlatib olib kelingan.
Firdavs Muradullayev Yusupvaliyevlarni so‘rovxonaga olib kirmasdan, Dilmurod Yusupvaliyevning qo‘llarini orqaga qayirgan holda qaddini bukkan hamda qorin qismiga tizzasi bilan zarba bergan. So‘ngra Dilmurod Yusupvaliyevni yerga yiqitib, uning yuz va qorin qismlariga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng Dilmurod va Dilshod Yusupvaliyevlarni vaqtincha ushlab turish uchun o‘z vakolat doirasida shaxsan o‘zi yoxud boshqa mansabdor shaxsning ushlab turish uchun asos hisoblanuvchi qarori qabul qilinmaganini bila turib, IIB binosi ichidagi vaqtincha ushlab turish xonasi (VUTX)ga kiritishga erishgan. Oqibatda Dilmurod Yusupvaliyev voqea joyida vafot etgan.
Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, uning o‘limi qorin yopiq o‘tmas jarohati, ingichka ichak tutqichi, mezenterial arteriya yorilishi va ichki qon ketishi (3000 ml) postgemoragikshok oqibatida yuzaga kelgan.
Firdavs Muradullayev o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, VUTX ichida Dilshod Yusupvaliyevning chap quloq sohasiga urgan. Shuningdek, Dilshod Yusupvaliyev VUTXdan ma’muriy bino koridoriga chiqib, profilaktika inspektori M.Imamqulov bilan suhbatlashib turgan vaqtida ham chap yuzi va quloq qismiga ikki marotaba zarba bergan holda unga yengil tan jarohati yetkazgan.
Sudda Firdavs Muradullayev aybiga iqrorlik bildirmagan. U dastlabki tergov organi tomonidan noto‘g‘ri ayblov e’lon qilinganini, Dilmurod Yusupvaliyevni tepmaganini, kamerada tepganga o‘xshab ko‘rinib qolganini, Dilshod Yusupvaliyevni tartibga chaqirish uchun urib yuborganini aytib, jabrlanuvchilarning oilasidan kechirim so‘ragan hamda moddiy va ma’naviy zararlarni to‘lashga tayyorligini bildirgan.
Sud hujjatiga ko‘ra, Firdavs Muradullayevning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud hukmi bilan Firdavs Muradullayev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lishi), 109-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan aybli deb topildi.
Unga 3 yil muddatga IIB tizimida, davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan. Jazoni o‘tash muddati 2024-yil 20-iyun kunidan boshlab hisoblanadi.
Nima bo‘lgan edi?
Toshkent viloyati IIBB xabariga ko‘ra, 43 va 46 yoshli aka-uka qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanayotgan 33 yoshli ukasining sud majlisiga borgan. Ular ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, zalda janjal ko‘targan va jamoat tartibini buzgan.
Mazkur holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. Yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektori tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
43 yashar fuqaro Bekobod shahar IIB binosiga kirish yo‘lagida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgani, u shahar shifoxonasiga olib borilgani va ko‘rikdan o‘tkazilganda vafot etgani aniqlangani qayd etilgan.
Lekin marhumning akasi, Dilshod Yusupvaliyev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida ukasi hushini yo‘qotmagani, uni bir necha xodim kaltaklaganini aytdi.
“Ko‘chaning bu tarafi Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahri sudi bo‘lsa, narigi tomonida IIB binosi joylashgan, oradagi masofa taxminan 150 metr chiqadi. Ko‘chaga chiqishimiz bilan 5 nafar IIB xodimi ukamning qo‘lini qayirib, ichki ishlar binosiga olib kirdi, orqasidan men kirdim. Darvozadan o‘tishim bilan 3 xodim mening ham qo‘limdan qayirib, olib kirib ketdi. „Nulyovka“ degan xonada bitta xodim ukamning qo‘llarini qayirib turdi, ikkitasi qorniga tepdi, yana bittasi dubinka bilan urdi. Ukam qornini ushlagan holda yerga yiqildi va menga „tez yordam chaqir, mazam qochyapti“, dedi. O‘sha vaqtda xodimlar meni ham urdi va yerga yiqildim. „Tez yordam chaqir, ukamning mazasi qochyapti“, deyishim bilan bitta xodim qulog‘imga ketma-ket urdi. Besh-olti xodim ukamni ko‘z oldimda yana tepdi”, — degandi marhum akasi.
“O‘sha yerda 8 nafar ichki ishlar xodimi bor edi. Uchtasi meni urgan bo‘lsa, qolgani ukamni urdi, hammasi yosh yigitlar ekan. Ular tez yordam chaqirish o‘rniga ukamni „nulyovka“ xonasining eshigi oldida yana urdi. Navbatchi xodimga ham tez yordam chaqirishini aytdim, ammo chaqirgani yo‘q, hammasi tomoshabindek qarab turdi. Xodimlar bizni 7−10 minut davomida urishdi”, — degandi u.