3-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevga 2025-yil uchun O‘zbekistonning davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida axborot berildi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Qonun 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat, unda asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘z ifodasini topgan. Xususan, 2025-yilda mamlakat YAIMi 6 foiz o‘sishi kutilmoqda.

Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 431 trillion so‘m miqdorida, xarajatlari esa 480,5 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda, YAIMga nisbatan 3 foiz miqdoridagi taqchillik bilan tasdiqlandi.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari balansi YAIMga nisbatan 2 foiz miqdorida taqchillik bilan shakllantirildi. Bunda davlat budjeti daromadlari 308,5 trillion so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 344,8 trillion so‘m miqdorida rejalashtirildi.

2025-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar hamda Toshkent shahri mahalliy budjetlarining daromadlari prognozi 65,8 trillion so‘m, xarajatlari prognozi 84,3 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi inobatga olingan. Shuningdek, respublika budjetidan mahalliy budjetlarga 18,5 trillion so‘m miqdorida tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar o‘tkazib berilishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2025-yil uchun davlat budjetini 24-dekabr kuni tasdiqlagan. “Gazeta.uz” qonunning asosiy ko‘rsatkichlari haqida yozgandi.

Xususan, qonunga ko‘ra, bu yil ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolindi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi tadbirlar uchun jami davlat budjeti xarajatlarining 52 foizi yo‘naltiriladi.

Mahalliy budjetlar daromadini ko‘paytirish va mustaqilligini oshirish maqsadida quyidagi soliq turlari qo‘shimcha tarzda tuman va shaharlar budjetlarida qoldiriladi:

  • aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning yer va mol-mulk soliqlari to‘liqligicha (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno);
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foizi (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno);
  • davlat mulkini xususiylashtirishdan mahalliy budjetlarga tushadigan tushumlarning 50 foizi.

Shuningdek, tuman va shaharlar mahalliy kengashlariga ayrim soliq turlari bo‘yicha koeffitsiyent qo‘llash vakolatlar berildi.

Xabarda yozilishicha, davlat budjeti joriy yilda ham “iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni manzilli hal etib, aholi farovonligini oshirishga” xizmat qiladi.