Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjatning “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, elektr energiyasini behuda sarflash, jumladan, undan binolarni yoritish uchun xo‘jasizlarcha foydalanish tushunchasi va tadbirkorlik subyektlari faoliyat turlarining xususiyatini inobatga olib, belgilangan moliyaviy va ma’muriy jarima miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi.
Xususan, ularning jarimadan qarzdorligi hisobiga tarmoqdan uzish o‘rniga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi reja qilinmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya”, biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bu borada qonun loyihasini ishlab chiqib, 2025-yil martigacha ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi kerak.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga korporativ kartadan mobil ilovalar orqali elektr energiyasiga to‘lovlarni amalga oshirish tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tabiiy gaz iste’molini onlayn nazorat qilish yuzasidan “Hududgazta’minott AJ tomonidan “Hududgaz korporativ” dasturini va Soliq qo‘mitasining my.soliq.uz dasturi bilan integratsiya qilish ishlarini yakunlash reja qilingan.
Shu bilan birga, EHFlar hisobot oyi davomida xatoliklarsiz ulgurji iste’molchilarga to‘liq yuborilishini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Mas’ul vazirlik va korxonalar tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirish kiritish yuzasidan qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishi kerak.
Bunda:
- iste’molchi tomonidan tabiiy gazni yetkazib berish uchun belgilangan muddatda to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda, iste’molchi tabiiy gaz uchun to‘lovni amalga oshirish zarurligi haqida avtomatik tarzda (ovozli qo‘ng‘iroq yoki SMS xabar yordamida) xabardor qilinadi;
- bir ish kuni davomida to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda gaz ta’minoti to‘xtatiladi.
“Yo‘l xaritasi”da respublika bo‘yicha korporativ iste’molchilar to‘lovlarini yagona shaxsiy varaqda yuritish bo‘yicha tizim joriy qilish yuzasidan “Hududgazta’minott AJ tomonidan ichki buyruq qabul qilish va hududiy filiallarda amaliyotga joriy qilish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati kechikib bo‘lsa-da, belgilangan limitdan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi va gaz uchun qo‘shimcha to‘lovlar miqdorini пасайтирgaниxabar qilingandi. Limitning o‘zi esa oshirilgan.