Erkin Madorbekovich Muhitdinov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi, deya aniqlik kiritdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga. Bu haqda avvalroq O‘zA xabar bergandi.
Bungacha bu lavozimni 2017-yil may oyidan beri (ilgari O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, keyin esa O‘rmon xo‘jaligi agentligi) Nizomiddin Bakirov egallab kelayotgandi.
Erkin Muhitdinov bir oy avval, 2024-yil 2-dekabrda Ekologiya vazirligining O‘rmon, bioxilmaxillik va ekoturizm siyosatini yuritish departamenti boshlig‘i etib tayinlangandi.
Eslatib o‘tamiz, u 15-oktabr kuni ishdagi faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun Toshkent viloyati hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi. U ushbu lavozimda besh oy ishlagan, bunga qadar esa 2023-yil avgust oyidan Ohangaron tumani hokimi lavozimida faoliyat olib borgan.
Erkin Muhitdinov 1976-yilda tug‘ilgan. Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini (1997), Bank-moliya akademiyasini (2000), Yaponiyaning Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti IDEAS-JETRO oliy maktabini (2007) tamomlagan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Turonbank”, Markaziy bank va Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda ishlagan. 2017−2022-yillarda O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari, 2022−2023-yillarda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.