Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi apellyatsiya instansiyasi 3-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 26-dekabr kuni poytaxtning Bektemir tumanidagi gaz zapravka yopilishida aybdorlar manziliga qarata aytgan keskin nutqidan so‘ng 15 sutkaga qamalgan haydovchi G‘ayrat Do‘stovni ozodlikka chiqardi. Bu haqda sud zalidan “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov xabar berdi.

Apellyatsiya

apellyatsiya, sud, ғайрат дўстов

Juma kuni sudya Farrux Ergashev boshchiligidagi sud uning birinchi instansiya sudi — Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi sudyasi Durdona Dadaxonova raisligidagi sud qarori yuzasidan shikoyatini ko‘rib chiqdi. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan 15 sutka qamoqqa hukm qilingandi.

Majlis 15:00 ga belgilangan edi, biroq 17:00 ga yaqin boshlandi. Jurnalistlar va faollar sud zaliga darhol kiritilmadi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning aytishicha, sud apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqishni boshlagan, biroq so‘ng sud advokatlarning majlisda ishtirok etmayotgan sudlanuvchi G‘ayrat Do‘stov ishtirokini ta’minlash haqidagi talabiga binoan tanaffus e’lon qilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 294-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ishtirokida ko‘riladi. Mazkur shaxsga ishni ko‘rib chiqish joyi va vaqti haqida xabar qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lgan va undan ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish xususida hech qanday iltimos tushmagan hollardagina, ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.

Abidov barcha hozir bo‘lganlarni qabul qilish choralari ko‘rilishini aytdi.

apellyatsiya, sud, ғайрат дўстов

Sudda “Gazeta.uz”, Kun.uz, “Daryo”, Qalampir.uz nashrlari muxbirlari ishtirok etdi. Shu bilan birga, boshqa OAV vakillari, ayrim jamoat faollari, jumladan, huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov sud zaliga kiritilmadi.

Sud jarayonida Do‘stovning tobi qochdi. U ko‘kragini ushlab qoldi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri. Sudlanuvchining yaqinlari unga suv sepib, o‘ziga keltirishga harakat qildi. Sudya jurnalistlardan xonani ventilyatsiya qilish uchun sud zalini vaqtincha tark etishni so‘radi. U qisqa tanaffus chaqirdi.

Voqea joyiga 30 daqiqadan so‘ng yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimlari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi.

Erkak avvaliga 25-dekabr kuni Bektemir tumani IIBga olib kelinganini, keyin sudga olib borilganini va 15 kunga hibsga olinganidan keyin bir kunga tergov izolyatoriga (“Panelniy”) joylashtirilganini aytdi. Ertasi kuni u Toshkent shahri IIBBga o‘tkazilgan.

U qiynoqqa solinmaganini va kaltaklanmaganini aytdi. Shu bilan birga, u boshiga qop kiygizib, yerto‘laga tushirishganini bildirdi.

Do‘stov bir necha bor “Vatanga xiyonat qilmadim, xiyonatchi emasman”, deya takrorladi.

Niyoz Xasanov (chapda) va G‘ayrat Do‘stov.Niyoz Xasanov (chapda) va G‘ayrat Do‘stov.

Do‘stov jabrlanuvchi Niyoz Xasanovning (gaz zapravka boshqaruvchisi) so‘zlarini butunlay rad etdi va tuhmat deb atadi. Sudlanuvchi uni haqorat qilmaganini va u bilan hech qanday ziddiyatga ega emasligini aytdi.

Haydovchi so‘nggi so‘zida O‘zbekistonda qonunlar yaxshi yozilgani, ularni adolatli qo‘llash zarurligini ta’kidladi.

Sudya Farruh Ergashev undan qilgan ishidan pushaymonligi haqida so‘radi: “Shunday sovuqda, „Panelniy“ (tergov izolyatori — tahr.) degan joyda, arzirmikan shu janjalga?”.

apellyatsiya, sud, ғайрат дўстов

Do‘stov “yo‘q, arzimaydi” deb, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi va kechirim so‘radi. Erkak, shuningdek, suddan jazoni kamaytirishni ham so‘radi.

Sudya birinchi instansiya sudining qarorini o‘zgartirish, hibsga olish muddatini 15 sutkadan 8 sutkaga qisqartirish va uni ozod qilishga qaror qildi. Shu tariqa G‘ayrat Do‘stovning apellyatsiya arizasi qisman qanoatlantirildi, chunki u “mayda bezorilik” uchun jazoni bekor qilishni so‘ragandi.