2024-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya 9,8 foizni tashkil etdi, deya xabar berdi prezident huzuridagi Statistika agentligi.

Bu Markaziy bankning dastlabki (8−9 foiz) va yangilangan (9,5 foiz) inflyatsiya prognozidan biroz yuqori hisoblanadi. Ko‘rsatkich 2023-yildagi inflyatsiyadan (8,77 foiz) yuqori, lekin 2022-yil (12,25 foiz) va 2021-yildagidan (9,98 foiz) past.

Dekabr oyida narxlar 1,04 foizga oshdi, bu kamida besh yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘tgan oyda oziq-ovqat narxlari o‘rtacha 1,8 foizga oshdi (yillik hisobda 2,4 foizga). Nooziq-ovqat tovarlar 0,7 foizga (7,7 foiz), pulli xizmatlar narxi esa 0,4 foizga (26,7 foiz) qimmatladi.

Dekabr oyida narxlar o‘sishi asosan (meva-sabzavotlarni istisno qilganda) tuxum (+19,5 foiz), paxta yog‘i (+9,2 foiz) va kungaboqar yog‘i (+6,1 foiz) kabi oziq-ovqat mahsulotlarida qayd etildi.

Statistika agentligi kuzatadigan savdo obyektlari bo‘yicha tuxum narxlarining yuqori chegarasi dekabrda 10 donasi uchun 19−24 ming so‘m chegarasida tebrangan. 2024-yilda asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan o‘simlik yog‘lari (+14,8 foiz) va go‘sht (13,3−14,6 foiz) narxi boshqa mahsulotlar narxlariga qaraganda yuqoriroq o‘sgan.

inflyatsiya, статистика, статистика agentligi

Dekabr oyida guruch (2,3−2,4 foiz oralig‘ida), 1-navli bug‘doy uni (-1,3 foiz), grechka (-0,8 foiz), oq qand (-0,7 foiz) narxlarida pasayish kuzatildi. Yil davomida grechka (-9,6 foiz), guruch va guruch oqshog‘i (-6,3 foiz), tuxum (-7,3 foiz), 1-navli bug‘doy uni (-5,7 foiz), shakar (-3,7 foiz) kabi mahsulotlar narxi arzonladi.

O‘tgan oyda yangi sog‘ilgan sut 1,6 foizga (yil davomida 6 foizga), kefir 0,4 foizga (6,6 foiz), baliq 1,6 foizga (6,8 foiz) qimmatlagan.

Dekabrda bodring narxi 52,7 foizga, bulg‘or qalampiri 46,5 foizga, baqlajon 27,7 foizga, pomidor 22,4 foizga, kartoshka 6,3 foizga, karam 6 foizga, piyoz 5,7 foizga oshgan.

inflyatsiya, статистика, статистика agentligi

Yillik hisobda kartoshka narxi 39,9 foizga, sabziniki 18,3 foizga, piyozniki esa 2,2 foizga oshdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, lavlagi 4,1 foizga, sabzi 4,3 foizga, banan 13,5 foizga arzonlashgan.

Dekabr oyida alkogolli ichimliklar narxi 0,5 foizga (yil davomida 10 foizga), tamaki mahsulotlariniki esa 0,5 foizga (+11,8 foiz) oshdi.

2024-yilda kiyim-kechaklar poyabzalga qaraganda biroz ko‘proq qimmatladi — 5,1 foizga nisbatan 4,8 foiz.

Dekabr oyida Qashqadaryo viloyatida issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun to‘lov miqdori oshgani qayd etildi. Oy davomida boshqa turdagi kommunal xizmatlar uchun tariflar barqaror bo‘lib turdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning dekabriga nisbatan gaz tariflari o‘rtacha 2,3 barobar, elektr energiyasiniki — qariyb 1,7 barobar, chiqindilarni yig‘ishniki — 54,7 foiz, isitish tiziminiki — 36 foiz, issiq suvniki — 32,1 foizga qimmatlagan.

Yil davomida dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari narxi 26,2 foizga, jumladan antibiotiklarniki 28,5 foizga, tibbiy laboratoriya xizmatlariniki 14,5 foizga oshdi.

Dekabr oyida пропан narxi 10,3 foizga arzonladi, biroq yillik hisobda narx 30,9 foizga oshdi. Bir oy davomida benzin 0,7 foizga arzonladi, yil davomida esa 5,9 foizga qimmatladi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, propanning bir litr uchun narxi 6000−7200 so‘m oralig‘ida o‘zgarib turgan. Turli savdo nuqtalarida benzin narxi Ai-80 markasining bir litri uchun 6900−8500 so‘m oralig‘ida qayd etilgan bo‘lsa, AI-95 uchun 13000 so‘mgacha yetdi.

Yil davomida metan narxi 21 foizga oshdi.

Qayd etilishicha, yil davomida poyezdlar uchun chipta narxlari o‘rtacha 12,6 foizga (shahar ichidagi poyezdda yo‘l haqi 40,1 foizga), taksi narxlari 12,2 foizga, samolyot uchun chipta narxlari 1,2 foizga oshgan.

Davlat bog‘chalari uchun to‘lov oy davomida 20 foizga, xususiy bog‘chalarniki 12,3 foizga, davlat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim narxi 15,1 foizga, xususiy oliy o‘quv yurtlarida esa 0,5 foizga oshgan. Repetitor xizmatlari 16 foizga qimmatlagan.

Yil davomida kafelardagi narxlar 12,3 foizga, oshxonalar va shunga o‘xshash muassasalardagi tayyor taomlar 11,4 foizga, mehmonxonalar xizmatlari narxlari 18,9 foizga, dam olish markazlari xizmatlari narxlari esa 16,5 foizga oshgan.

Pul o‘tkazmalari uchun to‘lovlar yil davomida 4,2 foizga qimmatlagan.

Yil davomida qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari 26,8 foizga qimmatladi.