Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatda ikkinchi va uchinchi atom elektr stansiyasi qurilishini istisno qilmadi. Bu haqda u Ana tili gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ishonchim komilki, Qozog‘istonga yuqori quvvatli atom stansiyasi kerak. Qolaversa, yaqin kelajakda ikkinchi, balki uchinchi AES qurilishini boshlashimizni ham istisno qilmayman. Atom sanoati allaqachon energiya taqchilligini boshdan kechirayotgan iqtisodiyotimiz rivojiga kuchli turtki beradi. Qozog‘iston atom energetikasi rivojlangan davlatga aylanishi kerak, deb hisoblayman. Uning kelajagi porloq”, — dedi Toqayev.
Oktabrda Qozog‘istonda AES masalasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan, natijada saylovchilarning 70 foizdan ortig‘i atom stansiyasi qurilishini qo‘llab-quvvatlagandi. Shundan so‘ng mamlakat hukumati beshtagacha davlatni o‘z ichiga olgan AES qurish bo‘yicha xalqaro konsorsium tuzish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Toqayev intervyusida bu yil kompaniyalar o‘rtasida tanlov o‘tkazilishini, shundan so‘ng hukumat yakuniy qaror qabul qilishini aytdi.
U Rossiya prezidenti Vladimir Putinnning Ostonaga tashrifi chog‘ida u bilan bu masalani muhokama qilganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rahbarlar Qozog‘iston tomoni loyiha buyurtmachisi sifatida konsorsiumda bosh operator vazifasini bajarishiga kelishib olgan.
“Xorijda AES qurishda yuqori malaka va katta tajribaga ega „Rosatom“ kompaniyasining ehtimoliy ishtirokida haqida gap borgandi. Xitoyning fuqarolik yadroviy inshootlarini qurishdagi ulkan muvaffaqiyati inobatga olinib, Xitoy kompaniyasi bilan ham muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, boshqa xorijiy, jumladan, G‘arb korporatsiyalari tomonidan ham qiziqish bor”, — dedi Qozog‘iston rahbari.
Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi elektr energiyasining 66 foizi ko‘mir zavodlarida ishlab chiqariladi. Agentlikning prognozlariga ko‘ra, 2035-yilga borib Qozog‘istonda elektr energiyasi iste’moli 152,4 milliard kVt/soatgacha oshadi, mavjud energiya manbalarini ishlab chiqarish esa 135 milliard kVt/soatdan kamroqgacha kamayadi.