O‘zbekistonda palovning o‘rtacha narxi 15,6 foizga oshdi, deya xabar bermoqda prezident huzuridagi Statistika agentligi.
2023-yilning dekabridan 2024-yilning dekabrigacha bir porsiya oshning o‘rtacha narxi 24 978 so‘mdan 28 885 so‘mga ko‘tarildi.
Hududlar kesimida bir porsiya palov narxining eng yuqori o‘sish dinamikasi — 28,9 foiz Andijon shahrida qayd etilgan. Shu bilan birga, Sirdaryoda narxlar atigi 2,1 foizga oshgan.
Bugungi kunda eng qimmat palovni Toshkentda tatib ko‘rish mumkin, uning o‘rtacha narxi 35 744 so‘m (yiliga +20,5 foiz). Nisbatan arzon oshni esa Namanganda topish mumkin — u yerda palovning bir porsiyasi 22 201 so‘m (+11 foiz) turadi.
Hudud | 2023-yil dekabr (so‘m) | 2024-yil dekabr (so‘m) | Oshgani, % |
Qoraqalpog‘iston | 23 400 | 25 718 | 9.9 |
Andijon viloyati | 24 200 | 31 184 | 28.9 |
Buxoro viloyati | 28200 | 33717 | 19.6 |
Jizzax viloyati | 25 000 | 28 762 | 15.0 |
Qashqadaryo | 26 600 | 30 688 | 15.4 |
Navoiy viloyati | 23 400 | 26 759 | 14.4 |
Namangan viloyati | 20 000 | 22 201 | 11.0 |
Samarqand viloyati | 27 000 | 30 480 | 12.9 |
Surxondaryo | 25 400 | 28 575 | 12.5 |
Sirdaryo | 25 200 | 25 741 | 2.1 |
Toshkent viloyati | 24 333 | 27 287 | 12.1 |
Farg‘ona viloyati | 21500 | 26 602 | 23.7 |
Xorazm viloyati | 25 800 | 30 939 | 19.9 |
Toshkent | 29 667 | 35 744 | 20.5 |
2024-yil O‘zbekistonda rasmiy inflyatsiya 9,8 foizni tashkil etdi, bu Markaziy bank kutilmalaridan yuqori. Bir yilda kartoshka deyarli 40 foiz, sabzi 18,3 foizga qimmatladi. Gaz tariflari o‘rtacha 2,3 baravar, elektr energiyasiniki esa qariyb 1,7 baravar, propan narxi 30,9 foizga, benzinniki 5,9 foizga oshdi.
Palov indeksi
Palov indeksi — big mak va olive indeksining analogi. U asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishini tahlil qilishga yordam beradi hamda xarid qobiliyati paritetini (XQP) noformal baholash usuli sifatida xizmat qiladi.
Statistika agentligi palov indeksini mamlakatdagi eng mashhur taom — osh uchun kerakli masalliqlarning narxlaridan kelib chiqib tayyorlaydi. Shu maqsadda yirik umumiy ovqatlanish korxonalarida, jumladan, barcha viloyat markazlarida joylashgan “Osh markazi”da 1 kg palov uchun masalliqlar ro‘yxati hamda ularning narxi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tuziladi.
Xarid qobiliyati pariteti (XQP) — bu turli mamlakatlarda bir xil miqdordagi pulga qancha tovar va xizmat xarid qilish mumkinligini solishtirish usuli. U valyutalar kursiga bog‘liq bo‘lmagan holda, turli mamlakatlardagi odamlarning haqiqiy daromadlari qanchalik farq qilishini aniqlashga yordam beradi.
Oddiy misol:
- O‘zbekistonda 10 dollarga bir savat oziq-ovqat: non, sut, tuxum va meva sotib olish mumkin.
- AQShda 10 dollarga faqat non va sut sotib olish mumkin.
Bu miqdor nominal jihatdan bir xil (10 dollar) bo‘lsa-da, O‘zbekistonda uning xarid qobiliyati yuqoriroq.
Nima uchun bu muhim?
- Turmush darajasini taqqoslash: HQP odamlarning daromadlariga qarab turli mamlakatlarda qanchalik qulay yashashlarini tushunishga yordam beradi.
- YAIMni tuzatish: HQP YAIM mamlakat iqtisodiyotining real hajmini aniqroq aks ettiradi.
Shunday qilib, HQP valyuta kursining o‘zgarishi ta’sirini yo‘qotib, turli mamlakatlarda bir xil miqdordagi pulga qancha tovar va xizmatlarni sotib olish mumkinligini ko‘rsatadi.