Janubiy Koreya Korrupsiyaga qarshi tergov boshqarmasi (CIO) xodimlari Yun Sok Yol qarorgohida harbiylar va uning qo‘riqchilari tomonidan qarshilik ko‘rsatilgani sababli hibsga olishga urinishlarni to‘xtatdi, deb yozmoqda Yonhap.

Yun Sok Yolni hibsga olish uchun hukumat 30 nafar CIO xodimi va 120 nafar politsiyachini yuborgan.

“Biz orderning ijrosi davom etayotgan qarama-qarshiliklar tufayli deyarli imkonsiz ekanini aniqladik va joylardagi xodimlarning xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli uni to‘xtatdik”, — deyiladi xabarda.

Boshqarma qonunda belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishdan bosh tortgan gumonlanuvchining xatti-harakati yuzasidan chuqur afsusda ekanini ma’lum qildi. Keyingi qadamlar bo‘yicha qaror tekshiruvdan so‘ng qabul qilinadi.

Yun Suk Yolni qo‘llab-quvvatlovchilar 3-yanvar kuni Seuldagi rasmiy qarorgoh yaqinida to‘planib, hibsga olish buyrug‘ini to‘xtatish uchun miting o‘tkazdi. Foto: YonhapYun Suk Yolni qo‘llab-quvvatlovchilar 3-yanvar kuni Seuldagi rasmiy qarorgoh yaqinida to‘planib, hibsga olish buyrug‘ini to‘xtatish uchun miting o‘tkazdi.
Foto: Yonhap

Tergovchilar politsiya hamrohligida mahalliy vaqt bilan ertalab soat yettida Yun Sok Yol qarorgohiga yetib kelishdi, deb yozadi Reuters. Biroq, ular majmua hududiga kirib borgach, Prezident xavfsizlik xizmati xodimlari va harbiylarga duch kelgan. Tergovchilar order taqdim etganida, Xavfsizlik xizmati rahbari Pak Chon Jun qo‘riqlanadigan hududlardagi cheklovlarni bahona qilib, ularga kirishni rad etgan.

Shuningdek, qarorgohda prezidentning hibsga olinishiga qarshi norozilik bildirgan mingdan ortiq tarafdorlar to‘plangan, deya qayd etadi Yonhap. Tartibni saqlash uchun majmua atrofida taxminan 2700 nafar politsiyadan iborat kordonlar joylashtirildi.

Yunni hibsga olish muvaffaqiyatsiz kechganidan so‘ng uning advokatlari CIO`da isyon ayblovlarini tekshirish vakolati yo‘qligini ta’kidladi va hibsga olish hamda tintuv orderlarini noqonuniy va haqiqiy emas deb atadi.

CIO mamlakatda harbiy holat e’lon qilgani uchun Yun Sok Yolga qarshi qo‘zg‘olon ishi bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Boshqarma vaqtincha chetlatilgan prezidentni hibsga olish uchun order olgan, chunki u uch marta chaqiruv qog‘ozlarini e’tiborsiz qoldirdi. Seul sudi 31-dekabr kuni order chiqardi, u 6-yanvargacha amal qiladi. E’tiborli jihati, bu — Janubiy Koreya sudining mamlakat tarixida birinchi marta prezidentni hibsga olishga ko‘rsatma berishi.