O‘zbekistonda tadbirkorlar shartnomaviy miqdordan ortiq elektr energiyasi va gaz iste’mol qilganida qo‘llaniladigan oshirilgan tariflar miqdori pasaytirildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 27-dekabrdagi qarorida nazarda tutilgan.
“Gazeta.uz” avvalroq yozganidek, elektr energiyasi va gazdan foydalanishning yangi qoidalarida (Vazirlar Mahkamasining 31-maydagi qarori bilan tasdiqlangan) elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 10 foizga oshib ketgan taqdirda yuridik shaxslar tarifning ikki baravari miqdorida to‘lashi belgilangandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev avgust oyida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu ikki baravarlik tarifdan barcha korxonalar norozi ekanini aytgandi. Bunday cheklovlar sanoatning o‘sishiga ta’sir qiladi, degandi u.
Davlat rahbari hukumatga 1-noyabrgacha tadbirkorlarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishda qulaylik yaratish, shartnomaviy limitlarni oshirish va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda ortiqcha iste’mol qilingan elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun qo‘shimcha to‘lovni kamida 10 baravarga kamaytirish choralari ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Biroq, Vazirlar Mahkamasi Energetika vazirligi ishlab chiqishi va 30-dekabrdan kuchga kirishi lozim bo‘lgan o‘zgartirishlarni kechikib tasdiqladi. Hujjatga ko‘ra, shartnomada belgilangan miqdordan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi va gaz uchun qo‘shimcha to‘lov miqdori kamida 10 barobar kamaytirilishi kerak.
Xususan, endilikda tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz iste’moli shartnomaviy miqdordan 20 foizgacha oshgan taqdirda ham bazaviy tarifda haq to‘lashda davom etadi. Agar ortiqcha iste’mol 20 foizdan oshsa, to‘lov bazaviy tarifdan 20 foiz ko‘proq bo‘ladi.
Avvalroq Tadbirkorlar reytingida “yuqori” va “o‘rta” toifaga kiruvchi korxonalarga elektr energiyasi uchun to‘lovni oyiga ikki marta amalga oshirish imkoniyatini berish rejalashtirilgandi. Shuningdek, inkassa topshiriqnomalari mavjud bo‘lgan taqdirda ham kommunal to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat berish taklif etilgandi. Biroq, bu taklif hozircha normativ hujjatlar bilan tasdiqlanmadi.