Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Ana tili gazetasiga bergan intervyusida 2022-yil yanvaridagi fojiali voqealar haqida gapirdi. Iqtiboslar Tengrinews.kz tomonidan taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, uch yil avval Qozog‘istondagi tartibsizliklarda 230 kishi halok bo‘lgandi. Hammasi suyultirilgan gaz narxining keskin oshishi bilan bog‘liq tinch mitinglar bilan boshlangan. Keyinroq, hokimiyat narxlarni pasaytirish va islohotlar o‘tkazishga va’da berish orqali aholining noroziligini to‘xtatishga harakat qilganiga qaramay, mitinglar tartibsizlik va to‘qnashuvlar, jumladan, Olmaotadagi qirg‘inlar va qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.
“Qaңtar (Qaңtar oqig‘asы — „Yanvar voqealari“ — tahr.)dan uch yil o‘tib, aksariyat fuqarolarimiz misli ko‘rilmagan tartibsizliklarning asosiy sababi oshkora ijtimoiy adolatsizlik, siyosiy turg‘unlik, shuningdek, fitnachilarning tiyiqsiz ambitsiyalari, ularning xalq va davlat taqdiriga befarqligi ekaniga ishonch hosil qildi. Bunday holatlar, afsuski, jahon tarixida tez-tez uchrab turadi. Qozog‘iston bunda birinchi emas, menimcha, oxirgi ham emas”, — dedi Qosim-Jomart Toqayev.
Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kunlardagi voqealar atrofida “avvalgidek uydirmalar va sodir bo‘lgan voqealarning turli versiyalari aylanib yuradi, ayniqsa, ba’zi siyosiy rejalar bilan shug‘ullanuvchi shaxslar faktlarni soxtalashtirmoqda, fuqarolarning his-tuyg‘ularini manipulyatsiya qilishga urinmoqda”.
“Yanvar voqealari haqida gapirganda, o‘sha kunlarning manzarasini ko‘z oldimizga keltirishimiz kerak: vayron bo‘lgan mashinalar, talon-toroj qilingan do‘konlar, bosib olingan davlat binolari, harbiy xizmatchilarning kaltaklanishi, qurol-yarog‘ o‘g‘irlanishi, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik. Biz mas’uliyatsiz siyosatchilarning o‘sha paytda davlatimiz boshiga tushgan haqiqiy xavf-xatarni unuttirish maqsadida noto‘g‘ri, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Baxtimizga, aksariyat fuqarolarimiz oqni qoradan ajrata oladi. Bunday sog‘lom fikrlaydigan, mulohazali insonlar davlatimizning o‘zagi va tayanchidir”, — dedi Toqayev.
Qozog‘iston prezidenti shunday dedi: “O‘shanda qirg‘in tashabbuskorlari va to‘ntarish tashkilotchilariga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmaganida, Qozog‘iston hozir butunlay boshqa davlat bo‘lib, mustaqilligi va suvereniteti cheklangan bo‘lardi”.
“Xalqimizning birdamligi tufayli bu og‘ir sinovdan o‘tishga muvaffaq bo‘ldik. Albatta, Qaңtar hammamizga ko‘p narsani o‘rgatdi. Birinchisi: mamlakatda hokimiyat konsolidatsiyalashgan bo‘lishi, qo‘shhokimiyat bo‘lmasligi kerak. Ikkinchidan: davlat rahbari — „Xudoning yerdagi soyasi“ emas, balki ma’lum muddatga yollangan davlat menejeridir. Uchinchidan: yuqori davlat lavozimlariga nomzodlarni, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini sinchkovlik bilan tanlash kerak, ular vatanga sodiq bo‘lishlari lozim”, — dedi Toqayev.
“Eng muhimi, „Qonun va tartib“ konsepsiyasi asosida xalq birligini ko‘z qorachig‘idek asrash, adolat tamoyillarini hamma joyda joriy etish kerak. Ushbu konsepsiyaga qarshi, jamiyatda „demokratik qadriyatlar“ nomi ostida anarxiya tarafdori bo‘lganlar mohiyatan qozoq davlatchiligiga putur yetkazishni xohlaydi. Bu bilan esa murosa qilib bo‘lmaydi. Demokratiyaning eng yuqori darajasi — qonun tantanasidir. Bu maqsad sari mashaqqatli yo‘l bor”, — dedi Qozog‘iston rahbari.
Shu intervyuda Toqayev Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan qanchalik tez-tez muloqot qilishi haqidagi savolga javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ular oyiga taxminan bir marta telefon orqali gaplashadi.
“Har qanday tarixiy davr o‘zining yorqin va qorong‘i tomonlariga ega. Bizning eng yangi tariximizda ijobiy jihatlar har holda ancha ko‘p edi. […] Albatta, Nursulton Nazarboyevning ko‘p yillik prezidentlik boshqaruvi davomida kamchiliklar bo‘lgan, lekin ishlamaydigan odam xato qilmaydi”, — deya javob berdi Qozog‘iston yetakchisi.
Shu bilan birga, u iste’foga chiqqanidan keyin Nazarboyev “siyosiy andisha bilan ajralib turmaganini” ta’kidladi: u bosh vazir, Milliy bank raisi, vazirlar, hokimlar ishtirokida muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazdi.
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuviga ham izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘tgan yildagi ikkinchi uchrashuv bo‘lib, birinchi uchrashuv kuz boshida bo‘lib o‘tgani haqida OAVda xabar berilmagan.
“Ular, aftidan, eski do‘stlar va hamkasblar sifatida uchrashadi, ular yodga oladigan narsalar bor. Bunday uchrashuvlarning tashabbuskori Nursulton Abishevich bo‘lib, bu uning uchun juda muhim. Qozog‘iston SSR Ministrlar Sovetining sobiq raisi, partiya rahbari va keyinchalik suveren Qozog‘iston prezidenti sifatida u ma’naviy va siyosiy jihatdan Kreml bilan chambarchas bog‘liq ekanini unutmaslik kerak. Axir Moskvaga xizmat safarlarida, s’ezdlar va plenumlarda, ishchi va rasmiy tashriflarda qancha vaqt o‘tkazilgan”, — dedi Toqayev.
Eslatib o‘tamiz, Nursulton Nazarboyev 2019-yil mart oyida xalqqa murojaatida prezidentlik lavozimini tark etishini e’lon qilgandi. O‘sha paytda mamlakat Senatini boshqargan Qosim-Jomart Toqayev prezident vazifasini vaqtincha bajarib turgan, keyin esa o‘sha yilning iyun oyida davlat rahbari etib saylangan. Qozog‘istonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi 2022-yil 20-noyabr kuni “davlat institutlarini to‘liq qayta ishga tushirish” doirasida bo‘lib o‘tgan. Davlat rahbari birinchi marta qayta saylanish huquqisiz yetti yillik muddatga saylangan. Bu saylovda ham Qosim-Jomart Toqayev g‘alaba qozongan.