Prezident 2024-yil 30-dekabrda qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirish hajmini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dala chetlari, shaxsiy tomorqa va aholi xonadonlarida, ko‘p qavatli uylar yaqinida va mahallalar ichki ko‘chalarida yetishtirishning yangi tartibi joriy etilmoqda.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga mazkur joylarda mahsulot yetishtirish, qishloq xo‘jaligi subyektlarini urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlash, yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatiladi.

Dala chetlaridan samarali foydalanayotgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga bir yil muddatga bepul ichki fitosanitariya sertifikati beriladi.

Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan dalalar chetiga in-vitro usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish qiymatining 50 foizi miqdorida, lekin har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Hujjat bilan dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzildi. Unga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori rahbarlik qiladi.

Unga quyidagi vazifalar yuklandi:

  • har bir tumanda dala chetlari, aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uylar yonidagi, mahallalar ichki ko‘chalari bo‘ylab yer maydonlarining aniq hajmini o‘rganish va tasdiqlash;
  • hokimlar va Kadastr agentligi tomonidan mulkchilik huquqi belgilanmagan ekin maydonlarining chetidan foydalanish huquqini belgilash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini tashkil etish;
  • tegishli yilning 15-fevraliga qadar har bir tuman kesimida dalalar chetlari, shaxsiy tomorqalar va aholi xonadonlarida, ko‘p qavatli uylar yaqinida, ichki uy-joylar bo‘ylab ekilgan ekin maydonlari va mahsulot turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
  • dala chetlari bo‘ylab, shaxsiy tomorqa va aholi xonadonlarida, ko‘p qavatli uylar yaqinida, mahallalar ichki ko‘chalarida ekish uchun hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos urug‘ va ko‘chatlar tanlanishi bo‘yicha tavsiyalar berish va agrotexnik tadbirlarni subyektlar kesimida tashkil etish.
  • unumdor navli urug‘ va ko‘chat navlari hamda mineral o‘g‘it va kimyoviy preparatlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishini tashkil etish.

Har yili 1-aprelgacha ekin ekmaslik va dala chetlarida yil davomida hosil yetishtirmaslik holatlari aniqlanganda (fors-major holatlar bundan mustasno):

  • barcha qishloq xo‘jaligi yerlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun yer solig‘i stavkasi uch baravar stavkada hisoblanadi;
  • Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratiladigan kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish to‘xtatiladi;
  • dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima soladi.