Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi FVVga qarashli harbiy qismda bir yillik xizmatni o‘tayotgan askar 5 nafar fuqaroni pichoqladi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga.
Qayd etilishicha, 3-yanvar kuni soat 03:30 atrofida 19 yoshli askar harbiy qismda xizmatdoshini urib, muassasadan chiqib ketgan. Mast holatda eshigi ochiq turgan xonadonga kirib, oshxona pichog‘i va chopiq bilan uxlab yotgan 4 nafar fuqaro — 64, 37 va 28 yoshli erkaklarni va 24 yoshli ayolni sababsiz pichoqlagan. Oqibatda 28 yoshli erkak shifoxonada vafot etgan.
Ish materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchi ayolning xonasiga kirib ko‘kraklaridan ushlayotganida ayol uyg‘onib ketgan. Shundan keyin yigit uning uyg‘onib ketgan eriga pichoq bilan hujum qilgan, so‘ngra nafaqadagi fuqaro va uning o‘g‘liga jarohat yetkazgan.
Bundan tashqari, gumonlanuvchi keyinchalik boshqa uy yonida 68 yoshli nafaqaxo‘rga eshikni yopayotgan vaqtda hujum qilgan va voqea joyidan qochib ketgan. Jabrlanuvchi o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan voqeani aytib bergan. Erkak hujumchini qidirib topgan va gumonlanuvchi unga ham tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi va 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) 2-qismi “a”, “l” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2005-yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Jabrlanuvchilarning 1 nafari vafot etgan, qolgan 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Keyinchalik ish Harbiy prokuraturaning yurituviga olindi.