Toshkentda BMW S1000 RR sport mototsikli haydovchisi soatiga 310 km tezlikda harakatlanib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda video joylashtirdi. U ma’muriy javobgarlikka tortildi, deb xabar berdi poytaxt IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov.

Huquqbuzarning aytishicha, video o‘tgan yilning avgust oyida yozib olingan. U yoshlar va boshqalar undan o‘rnak olishlarini xohlamasligini aytdi.

Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−3-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 km/soatdan ortiq oshirib yuborishi BHMning 9 baravari yoki 3,37 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi).

Eslatib o‘tamiz, 23-sentabr kuni boks bo‘yicha Parij Olimpiadasi chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev prezident sovg‘asi sifatida olingan avtomobilda Toshkent markazida 110 km/soat (shaharlarda ruxsat etilgan tezlik — 60 km/soat) tezlikda harakatlanib, yo‘l harakati qoidalarini buzgandi. U ham Instagram`ga video joylashtirgan (keyinchalik video olib tashlandi). Sportchiga BHMning 9 baravari miqdorida jarima solindi, shuningdek, u bilan “profilaktik suhbat” o‘tkazilgan.

Sentabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bloger Nigina Meliqo‘ziyevaning Lacetti avtomashinacida yuqori tezlikda ketayotib, yo‘l tor va tirband bo‘lishiga qaramay bir nechta qatnov chiziqlari bo‘ylab xavfli harakatlar (xalq orasida “shashka” deb ataladi) amalga oshirgani aks etgan videosi tarqalgandi. Unga BHMning 10 baravari miqdorida jarima belgilangan va “profilaktik suhbat” ham o‘tkazilgan. YHXB xodimlari bilan suhbat chog‘ida u yurtdoshlar va obunachilaridan “uzr so‘ragan”, lekin bu ishni mensimaslik bilan qilgan.

Oktabr oyida qo‘shiqchi Toshkent-Samarqand yo‘lida avtomobilini 195 km/soat tezlikda boshqarib, yo‘l harakati qoidasini buzgan xonanda Jahongir Otajonov 3 mln 375 ming so‘m jarimaga tortilgandi. Video uning Instagram sahifasida e’lon qilingan.