3-yanvar kuni Germaniya va Fransiya Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Annalena Berbok va Jan-Noel Barro Yevropa Ittifoqi nomidan Suriyaga tashrif buyurdi. Bu haqda Germaniya TIV saytida xabar berildi.

Ular hokimiyatning amaldagi rahbari Ahmad al-Sharaa (Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan), shuningdek, Suriya fuqarolik jamiyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Berbok va Barro Bashar Asad rejimi qulagandan keyin Damashqqa tashrif buyurgan birinchi Yevropa tashqi siyosat idoralari rahbarlari bo‘ldi.

Berbokning bayonotiga ko‘ra, Germaniya Suriya xalqiga hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishda yordam berishni xohlaydi, ammo yangi Suriya jamiyati etnik yoki diniy guruhidan qat’i nazar, barchaga siyosiy jarayonda o‘rin berishi, shuningdek, huquqlar va himoyani kafolatlashi kerak. “Chunki hozirda Suriyadagi diniy yoki etnik guruhlar va ozchiliklar, masalan, alaviylar, nasroniylar, druzlar yoki kurdlar, shuningdek, ayollarning siyosiy jarayonda ishtirok etishi juda muhimdir”, — deyiladi bayonotda.

“O‘nlab yillar davom etgan qatag‘onlar, Asad rejimining vahshiyliklari va uning dahshatli fuqarolar urushi Suriyadagi millionlab odamlar uchun chuqur jarohatlar qoldirdi. Butun bir mamlakatga ularning nomi bilan baho berildi, ammo endi insonlar kelajak yaxshiroq bo‘lishiga haqli ravishda umid qilmoqda. Asad oilasi hukmronligining og‘riqli davri tugadi. Yangi bob ochildi, lekin hali yozilgani yo‘q. Chunki ayni damda Suriya xalqi yana o‘z mamlakati taqdirini o‘z qo‘liga olish imkoniyatiga ega. Va bu chuqur, ochiq yaralarni yopish uchundir”, — deyiladi TIV xabarida.

Germaniya, shuningdek, Suriyadagi jarayon tashqi ishtirokchilar tomonidan buzilishining oldini olish uchun xalqaro sheriklari bilan ishlayotgani haqida so‘z boradi. Shu maqsadda Aqaba shahrida BMT bilan birgalikda muhim tamoyillar ishlab chiqilgan.

“Ularga barcha qo‘shni davlatlar Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi zarurligi kiradi. Bundan tashqari, Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalarini tark etish vaqti keldi. Suriya xalqi keng ko‘lamli bombardimonlar va inson huquqlari buzilishini unutmaydi. Aynan Putin uzoq vaqt davomida Asadni, rejimning jinoyatlarini qo‘llab-quvvatlagan va yashirgan. Endi bizning oldimizda millionlab suriyaliklar orzu qilgan maqsad bor: Suriya yana bir bor xalqaro hamjamiyatning hurmatli a’zosiga aylanishi. Barcha a’zolari uchun xavfsiz makon. O‘z hududini to‘liq nazorat qiladigan, odamlarga yashash uchun zarur bo‘lgan himoya va yordamni taqdim etadigan faoliyat yurituvchi davlat”, — deya qayd etadi Germaniya TIV.

  • 8-dekabrga o‘tar kechasi qo‘zg‘olonchilar Suriya poytaxti Damashqqa bostirib kirib, prezident Bashar Asad rejimini ag‘darganini e’lon qildi. U mamlakatni 24 yil, oilasi esa 1971-yildan buyon boshqargan. Asad mamlakatdan qochib, oilasi a’zolari bilan Rossiyada boshpana topdi.
  • Suriya o‘tish hukumatiga Muhammad al-Bashir rahbar bo‘ldi. U 2025-yil 1-martga qadar mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaradi. Ilgari u Suriya muxolifati tomonidan tashkil etilgan muqobil hukumatiga rahbarlik qilgan.
  • BBC nashriga bergan intervyusida Suriya isyonchilari yetakchisi va mamlakatning amaldagi rahbari Ahmad al-Sharaa Suriya o‘z qo‘shnilari yoki G‘arb uchun xavf tug‘dirmasligini aytdi. U urushdan tinkasi qurigan mamlakatga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi va Suriya navbatdagi Afg‘onistonga aylanishi mumkinligi ehtimolini rad etdi.
  • Dekabr oyining ikkinchi o‘nkunligida Yevropa Ittifoqi Suriyaning yangi rahbariyati bilan Rossiya harbiy bazalarini mamlakatdan chiqarishni muhokama qilmoqchi ekani haqida xabar berilgandi. YeIning ko‘pgina rasmiylari Suriyada Rossiya harbiylari bo‘lmasligi tarafdori. Bu masala “Suriya rasmiylari bilan uchrashuvlarda ko‘tarilishi” aytilgandi.