Vazirlar Mahkamasining 26-dekabrdagi “Gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlovchi apparatlarning xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlovchi apparatlarning ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

Import qilinadigan gaz uskunalari uchun quyidagi ma’lumotlar taqdim etilishi kerak:

  • tashkilot nomi, savdo nomi yoki savdo belgisi;
  • tashkilotning pochta manzili.

Ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilishi kerak.

Texnik reglament quyidagi talablarni o‘z ichiga oladi:

  • gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlaydigan qurilmalar uchun xavfsizlik talablari;
  • ushbu qurilmalardan foydalanish uchun hujjatlar va qoidalarga o‘rnatilgan talablar;
  • ularni qadoqlash, identifikatsiyalash va muvofiqlikni baholash uchun bo‘yicha talablar.

Hujjatga ko‘ra, gaz uskunalarini ta’mirlash, o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish davomida tegishli yo‘riqnomalardan tashqari gaz uskunasiga o‘rnatiladigan moslama va uskuna taqdim etilishi kerak.

Ishlab chiqaruvchi tomonidan gaz uskunalarining yo‘riqnomalarida tayyor uskunaning asosiy qismini tashkil etadigan moslamalarga ko‘rsatiladigan sozlash, foydalanish va texnik xizmatlar bo‘yicha barcha kerakli ma’lumotlar bo‘lishi lozim.

Gaz uskunalarini ishlatish bo‘yicha qo‘llanmada gaz uskunalaridan foydalanish shartlarini cheklovchi yoki xavfsizlik choralarini ko‘rish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi ma’lumotlar, shuningdek, ularning butun xizmat muddati davomida xavfsiz ishlashi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bo‘lishi va foydalanuvchiga ularning imkoniyatlari cheklanganini ko‘rsatishi kerak.

Shuningdek, foydalanish qo‘llanmasida gaz uskunasini xavfsiz utilizatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar bo‘lishi kerak. Foydalanish hujjatlari qog‘oz shaklida bo‘ladi. Unga elektron shaklidagi foydalanish hujjatlari to‘plami ilova qilinishi mumkin. Reglament 2025-yilning iyun oyidan kuchga kiradi.