Samarqand viloyati Toyloq tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan oilaviy korxona aniqlandi, deb xabar berdi “Hududgazta'minot” matbuot xizmati.

“Hududgaz Samarqand” GTF komplayens nazorat tuzilmalari, “Toyloqtumangaz” GTB, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida reyd o‘tkazilgan. Jarayonda “Qo‘rg‘oncha” MFYda joylashgan “S.Sh.” oilaviy korxonasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotgani ma’lum bo‘lgan.

Xabarga ko‘ra, korxona (novvoyxona) egalari yashirin yo‘l bilan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanib olgan. Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi va davlat manfaatlariga 1 milliard 329 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

Barcha daliliy ashyolar va hujjatlar huquq-tartibot organlariga topshirildi.