Nyu York shtati sudyasi Xuan Merchan 10-yanvar kuni AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga nisbatan hukm chiqaradi, gap pornoaktrisa Stormi Deniyelsga sukut saqlashi uchun pul to‘lash bilan bog‘liq ish hujjatlarini soxtalashtirish haqida ketmoqda, deb xabar berdi Reuters.
Shunday qilib, Trampga nisbatan hukm 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyasidan 10 kun oldin chiqariladi. Trampga qadar hech bir AQSh prezidenti — sobiq yoki amaldagi prezident — jinoyat ishida ayblangan yoki hukm qilinmagan, deya qayd etadi agentlik.
Qarorda sudya Trampni haqiqiy qamoq jazosiga hukm qilish niyati yo‘qligini, shuningdek, unga jarima yoki sinov muddati tayinlamasligini aytib ogohlantirdi. Bundan tashqari, Trampga hukm e’lon qilinishida shaxsan borib yoki videoaloqa orqali ishtirok etishga ruxsat berildi.
Trampning vakili Stiven Chung ishni noqonuniy deb atadi va Konstitutsiyaga ko‘ra, u to‘xtatilishi kerakligini aytdi.
Tramp 2016-yilgi prezidentlik saylovlari arafasida pornoaktrisaga pul to‘laganini yashirishga uringanlikda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp advokat orqali aktrisaga u bilan aloqasi haqida sukut saqlashi uchun 130 ming dollar to‘lagan. O‘z-o‘zidan bu to‘lov qoidabuzarlik emas edi, ammo Tramp va uning advokati Maykl Koen uni sud xarajatlari uchun to‘lov sifatida rasmiylashtirgan, bu Nyu York shtatida hisobotlarni soxtalashtirish deya hisoblanadi va jinoiy tartibda jazolanadi. Tramp o‘z aybiga iqror bo‘lmagan.
2024-yil may oyida sud maslahatchilari Trampni ayblovning barcha 34 bandi bo‘yicha aybdor deb topgan. Hukm chiqarish 2024-yil 11-iyulga belgilangandi, biroq bu bir necha marta qoldirildi.
Tramp AQSh Oliy sudining sobiq prezidentlar rasmiy xatti-harakatlari uchun jinoiy ta’qibdan immunitetga ega ekani haqidagi 1-iyuldagi qaroriga asoslanib, bu ish bo‘yicha ayblov hukmini bekor qilish haqida alohida iltimosnoma kiritgan edi, ammo yutqazdi.
Noyabr oyida, Tramp saylanganidan so‘ng, unga qarshi ikkita federal ish — 2020-yilgi saylovlarga aralashish va maxfiy hujjatlar bilan tegishlicha muomala qilmaslik bo‘yicha ishlar to‘xtatildi. Bunga AQSh Adliya vazirligining prezidentni sudda ta’qib qilishni taqiqlovchi siyosati sabab bo‘ldi.
Jorjiya shtatida Trampga qarshi 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish bo‘yicha jinoiy ish prokuror Fani Uillis lavozimidan chetlashtirilgani sababli bir necha oydan beri muallaq turibdi.