2024-yil 31-dekabr kuni O‘zbekiston prezidentining “Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” [PQ-467] qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Tahliliy va tadqiqot tuzilmalar faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi va uning tarkibi tasdiqlandi. Kengash raisi etib prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzakov tayinlandi.
Quyidagilar muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlarni hamda mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid takliflarni muntazam ravishda O‘zbekiston prezidentiga kiritib borish;
- ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil qilish bo‘yicha buyurtma berish tizimini joriy qilish;
- yillik strategik yo‘nalishdagi tadqiqotlarni ishlab chiqish va belgilash, ularning natijalaridan mamlakatni yanada isloh qilishda ustuvor yo‘nalishlarni belgilash jarayonida foydalanish;
- Mamlakatning ichki siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha amaliy va obyektiv ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida sotsiologik tadqiqot ishlarini o‘tkazilishini rejalashtirish va tasdiqlash;
- tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, zaruriyatga ko‘ra yangi markazlarni tashkil qilish, amaldagilarni qayta o‘zgartirish va ixtisoslashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
- tahliliy faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlash, shu jumladan, xorijiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda tahliliy tuzilmalar xodimlarini malakasini oshirish kurslarini tashkil qilish;
- maqbul takliflar va ko‘p variantlilik prinsipi asosida turli sohalarni rivojlantirish ssenariylarini ishlab chiqish maqsadida davlat tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining mustaqil va xorijiy tahliliy tuzilmalar va ekspertlari bilan kooperatsiyasini (hamkorligini) ta’minlovchi yagona platformani yaratish;
- statistik ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishning yagona standartlarini ishlab chiqish, shuningdek, qator vazirlik va idoralarning har oy yangilanadigan ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan idoralararo integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
- asosiy idoralarning tadqiqot markazlari va yig‘ma axborot-tahlil bo‘linmalari faoliyatining har yillik rejalariga takliflar kiritilishi va ijrosini tashkil etish.
Shuningdek, qaror bilan quyidagilar belgilandi:
- Muvofiqlashtiruvchi kengash ichki va tashqi siyosat jarayonlari bo‘yicha strategik tadqiqotlarni tashkil qilish hamda ularni o‘tkazishning barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi;
- Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, umumiy muvofiqlashtirish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash O‘zbekiston prezidentining Maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi tomonidan amalga oshiriladi;
- Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan asosiy vazirlik va idoralar tahliliy bo‘linmalarining (departament, boshqarmalar) faoliyati muvofiqlashtiriladi;
- respublikani rivojlantirish bo‘yicha strategik tashabbuslar loyihalarini ishlab chiqishga jalb qilingan asosiy vazirlik va idoralar rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlari tadqiqot markazlarini axborot tahliliy materiallar bilan ta’minlash hamda Muvofiqlashtiruvchi kengash bilan hamkorlik qilishga mas’ul bo‘ladi;
- Muvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishlari har chorakda oraliq majlislar shaklida tashkil etiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash bir oy muddatda kengash to‘g‘risida nizomni hamda ishchi guruhlar faoliyatini samarali tashkil etish, ularning kengash bilan o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlashi kerak. Bundan tashqari, mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalarida strategik tahlil va tadqiqot qilishda yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritishi kerak.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) Muvofiqlashtiruvchi kengashning tahliliy faoliyatini ta’minlash yo‘nalishida:
- ishchi guruhlar o‘zlari mas’ul bo‘lgan yo‘nalishlarda mavjud tizimli muammo va kamchiliklarni tahlil qiladi, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosa va takliflarni har chorak yakuni bilan Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim qiladi;
- Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan ma’qullangan xulosa va takliflar O‘zbekiston prezidentiga taqdim qilinadi;
b) ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil qilish bo‘yicha buyurtma berish tizimini joriy qilish yo‘nalishida:
- Muvofiqlashtiruvchi kengashning takliflari asosida mamlakatning ichki rivojlanishi va tashqi siyosiy faoliyatining aniq masalalari bo‘yicha ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil qilish maqsadida ilmiy asoslangan va talabgir taklif va tashabbuslarni ishlab chiqqan holda buyurtma portfeli shakllantiriladi;
- buyurtma portfeli asosida ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil qilish bo‘yicha tadqiqot va tahliliy markazlar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi;
- tadqiqot va tahlil ishlariga shartnoma asosida mustaqil ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, xorijiy olim-ekspertlarni (siyosatshunoslar, iqtisodchilar, huquqshunoslar, ekologlar va boshqalar) jalb etish uchun tadqiqot va tahliliy markazlarga grant mablag‘lari ajratiladi.