O‘zbekistonlik vakil Botir Tursunov Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari vazifasini bajarishga kirishdi, deya xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Diplomat 50 yoshda. U Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining I.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq institutini tamomlagan.

Tursunov 2005-yildan TIV tizimida, markaziy apparat va Pekindagi elchixonada turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan.

U 2023-yildan hozirga qadar O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi maslahatchi-vakili, SHHT kotibiyati huzuridagi doimiy vakil bo‘lib kelayotgandi.