21-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tuman sudi Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida jang qilgan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukm chiqardi. “Gazeta.uz” sud qarorini o‘rgandi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, A.X. 2022-yil 30-noyabr kuni Rossiyaga xususiy oliy ta’lim muassasalaridan biriga o‘qish uchun borgan. O‘qish davrida moddiy manfaatdorlik evaziga kelgusida Rossiya Qurolli kuchlari safida turib, Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun shartnoma tuzgan, deyiladi sud qarorida.
Xususan, 2023-yil 23-avgustda u Qurolli kuchlar bilan oyiga 350−400 ming rubl haq olish evaziga yillik shartnoma tuzgan. Shu tariqa 2023-yil 13-oktabrdan 2024-yil fevraligacha Ukrainaning Lugansk va Donetsk viloyatlaridagi jangovar harakatlarda qatnashgan.
Sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, 2021-yil sentabr oyida Moskvadagi “Sinenergiya” xususiy universitetiga o‘qishga kirganini va o‘qish davrida mavsumiy ishlarda ishlaganini bildirgan.
2023-yilning yoz oylarida u hujjatlar yo‘qligi sababli Moskvada politsiya tomonidan ushlangan, shundan so‘ng unga tanlov taklif qilingan: jinoiy ish qo‘zg‘atilgan holda deportatsiya yoki Rossiya fuqaroligini va’da qilib armiya safiga qo‘shilish. U ixtiyoriy ravishda ikkinchi variantni tanlagan va chaqiruv qog‘ozini olgan.
2023-yil 17-avgustda u “Yablochko” chaqiruv punktiga borgan va Rossiya Qurolli kuchlari bilan bir yillik shartnoma tuzgan. U 195 ming rubl (2000 dollardan sal ko‘proq / 24,3 mln so‘m) maosh olgan, bu miqdor jangovar topshiriqlarni bajarishiga qarab 350−400 ming rublga (3620−4136 dollar) oshgan.
Yigit Samara viloyatining Tolyatti shahrida bir yarim oylik harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, harbiy guvohnoma olgan va keyin boshqa shaxslar bilan birga avtobusda Rostov viloyatiga — Rossiya-Ukraina chegarasidagi lagerga jo‘nab ketgan.
2023-yil 13-oktabrda u Luganskga yuborilgan va u yerda to‘rt oy davomida harbiy harakatlarda qatnashgan. 10-fevral kuni yigit Ukrainaning Donetsk viloyatiga borgan va u yerda jangovar harakatlar paytida yaralangan.
2024-yilning 26-fevraliga qadar u Donetskdagi kasalxonada davolangan, keyin esa Samara viloyatiga qaytgan.
Yigit may oyida ta’tilda bo‘lgan, so‘ngra bazaga qaytib borgan va 30-iyungacha o‘sha yerda qolgan. 1-iyul kuni esa u Tolyatti shahri yaqinidagi dala mashg‘ulotlariga yuborilgan.
Harbiy harakatlarda qatnashganlik uchun olingan mablag‘ga u Tolyatti shahridan mashina va ipotekaga xonadon sotib olgan, harbiy harakatlardagi ishtiroki uchun medal bilan taqdirlangan va Rossiya fuqaroligini olgan.
U 14-sentabr kuni taxminan soat 08:00 da avtomashinani o‘z nomiga qayta rasmiylashtirish uchun harbiy qism hududidan yashirincha chiqib ketgan va Tolyatti yo‘l-patrul xizmatiga borgan. Bu vaqtda unga Andrey ismli qo‘mondon qo‘ng‘iroq qilib, uni haqratomuz so‘zlar bilan haqoratlagan.
Yigit qo‘mondonning haqoratlari va uzoq muddatli harbiy xizmatni tark etish istagi tufayli shartnomani bekor qilib, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
Shu kuni soat taxminan 17:00 larda u taksi xizmati bilan shug‘ullanuvchi Fayzullo ismli tanishi bilan Haval rusumli avtomashinada Samara viloyati chegarasida joylashgan Qozog‘iston chegara postiga yetib borgan.
Ular chegarani kesib o‘tib, ikki kun (14−16-sentabr) Qozog‘iston hududi orqali harakatlanishgan, 16-sentabr kuni taxminan soat 17:30da O‘zbekistondagi “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona postiga yetib kelishgan.
Chegara o‘tkazish punktida avtomobilni chegaradan olib o‘tishning imkoni bo‘lmagani uchun u mashinani Qozog‘istondagi pullik to‘xtash joyiga qoldirib, O‘zbekiston chegarasini piyoda kesib o‘tgan.
Sud jarayonida u og‘ir moliyaviy ahvoli tufayli urushga qo‘shilganini, o‘sha paytda onasi saraton kasalligiga chalinganini va uning davolanishi va operatsiyasi uchun zudlik bilan pul kerak bo‘lganini aytgan.
Sudlanuvchi qilmishidan pushaymonligini bildirib, aybiga to‘liq iqror bo‘lgan hamda suddan uning og‘ir oilaviy ahvolini inobatga olib nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Sudya Mo‘minmirzo Sidiqov A.X.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) bilan aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Biroq jazoni yengillashtiruvchi holatlar hisobga olinib, shartli 3 yil sinov muddati belgilandi.
Sinov muddati davomida mahkum zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
- ishga joylashish;
- yashash yoki ish joyi o‘zgarib qolsa, bu haqida Qo‘shtepa tuman IIBga xabar berish;
- har oyning 15 va 25-sanalarida Qo‘shtepa tuman IIBda ro‘yxatdan o‘tish;
- turli ko‘ngilochar joylarda bo‘lmaslik;
- soat 21:00 dan 07:00 gacha uyda qolish;
Avvalroq O‘zbekiston sudi Rossiya tomonida turib Ukrainadagi urushda qatnashgan 39 yoshli erkakni 4 yil 2 oyga ozodlikdan cheklagandi. Ayblanuvchining aytishicha, janglarda u 10 dan ortiq ukrainalik askarni o‘ldirgan. Hukm, xususan, aybiga iqror bo‘lgani uchun yumshatilgan.