O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2027-yilda ishga tushirilishi kutilayotgan yangi temiryo‘l qurilmoqda. Bu haqda “Qozog‘iston temir yo‘llari” (QTY) kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

QTY ma’lumotlariga ko‘ra, yangi temiryo‘l liniyasining qurilishi mavjud Sariag‘ash — Toshkent uchastkasidan yuklarni yangi tarmoqqa yo‘naltirish, “Sariag‘ash” stansiyasini tushirish va O‘zbekistonga eksport yuklarini ko‘paytirish imkonini beradi.

“Shu maqsadda „Qazaqstan temir joli“ — „Samruq-Qazina“ portfel kompaniyasi tomonidan qiymati 286 milliard tenge (545,8 million dollar) bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar 203 km dan 100 km ga yaqin rels-shpal tarmoqlari yig‘ildi. Loyihani amalga oshirish uchun 46 ta yo‘l-qurilish texnikasi va 70 dan ortiq kishi jalb etilgan”, — deyiladi xabarda.

Yangi temiryo‘l qurilishi 2023-yil noyabr oyi oxirida boshlangan. O‘shanda Darbaza — Maqtaaral temiryo‘l liniyasining uzunligi 152 kilometrni tashkil etishi ma’lum qilingandi.

Qozog‘iston hukumati yirik infratuzilma loyihasi davlat rahbari Qasim-Jomart Toqayevning topshirig‘i bilan amalga oshirilayotgani va respublikaning transport-tranzit salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilganini ma’lum qildi. Uning doirasida Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasi orqali yangi o‘tkazish punkti ochiladi.

temiryo‘l, қозоғистон, қозоғистон temir yo‘lлар, Samruq-Qazina, Darbaza - Maqtaaral

Loyiha ikki bosqichga bo‘lingan. Birinchisi, “Sirdaryo” bekatiga chiqadigan Yerdaut — Maqtaaral — O‘zbekiston davlat chegarasi liniyasini qurishni nazarda tutadi.

Ikkinchi bosqichda O‘zbekistonning davlat chegarasi bo‘lgan Jetisay shoxobchasini xuddi shu stansiyaga chiqish yo‘li bilan foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Loyihada Qozog‘istonning ulushi 85% deb baholandi.

QTYning sobiq rahbari Kanat Almagambetovning ta’kidlashicha, Darbaza — Maqtaaral liniyasi Turkiston viloyatining ikkita chekka hududi — Maqtaaral va Jetisayni Qozog‘istonning qolgan qismi bilan bog‘laydi.

“9 ta stansiya quriladi. Temiryo‘l Qozog‘istondan ushbu hududlarga va ushbu hududlardan Qozog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklarni olib chiqadi. Chunki hozir ular O‘zbekiston bilan chegaradan o‘tishga majbur. Bu tumanlar rivojiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Qurilishdan so‘ng ular jiddiy impuls oladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning tranzit salohiyati ham sezilarli darajada oshadi.

“Afg‘oniston, Eron, Tojikiston va O‘zbekistonga ketayotgan yuklar bu yo‘ldan tezroq o‘tadi. Yana bir ta’sir: Sariag‘ash — Toshkent uchastkasidagi taranglik kamayadi. Keyingi yillarda u yerda yuklar ko‘p bo‘lmoqda. Ayni paytda, ularning barchasi ham o‘z vaqtida uzatilgani yo‘q, chunki u yer bunday yuk oqimiga mo‘ljallanmagan. So‘nggi ikki-uch yil ichida miqdor keskin o‘sdi. Qurilish ushbu asosiy uchastkadagi muammoni hal qilishga va yo‘lovchi poyezdlarini harakatlantirishga yordam beradi”, — dedi Kanat Almagambetov.

2024-yil aprel oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma temiryo‘l korxonasini tashkil etishga kelishib olgandi. Tomonlar Xitoyga tovarlarni tashish uchun yuk terminallarini o‘zaro manfaatli tarzda taqdim etadi.