Surxondaryo viloyatida avtodromga qo‘yilgan yangi talablar sabab avtomaktablarga litsenziya berish to‘xtatilgan. Bu mummoni bartaraf etish yuzasidan YHXXga senator so‘rovi yuborildi, deya xabar qildi Senat.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalash vakolati Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilgan bo‘lsada, bugungi kunga qadar Surxondaryo viloyatidagi birorta avtomaktab faoliyati litsenziyalanmagan.

Qayd etilishicha, haydovchilarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalash vakolati Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilguniga qadar Surxondaryo viloyati bo‘yicha litsenziya olib, faoliyat yuritgan tadbirkorlik subyektlari soni 48 tani tashkil etgan. Ular tomonidan faqatgina 2023-yilning o‘zida 18 641 nafar haydovchilar tayyorlangan. Bugungi kunda esa Ichki ishlar vazirligi tomonidan litsenziya berish masalasi hal qilinmayotgani sababli haydovchilarni tayyorlash ishlari amalga oshirilmayapti.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hududida joylashgan avtomototransport vositalarini boshqarish uchun nomzodlardan imtihon olish avtodromlari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-may kunidagi 272-sonli qarori hamda Ichki ishlar vazirligining 2024-yil 18-yanvardagi 27-son buyrug‘i talablariga muvofiq kelmaganligi sababli nomzodlarni imtihonlardan o‘tkazish ishlari to‘xtatilgan.

Buning oqibatida ilgari avtomaktablarda o‘qigan yoki haydovchilik guvohnomasini olish uchun qayta imtihon topshirishi lozim bo‘lgan fuqarolar imtihonlarni topshirish uchun Qashqadaryo viloyatiga borishga majbur bo‘lmoqda.

“Bu kabi holatlar qabul qilingan qonunlarning ijrosini ta’minlashda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan yetarli e’tibor qaratilmayotganidan dalolat berib, avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni taqozo etadi”, — deyiladi Senat xabarida .

Yuqoridagilarni inobatga olib, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi tomonidan transport vositalari haydovchilarini tayyorlovchi hamda qayta tayyorlovchi avtomaktablar faoliyatini litsenziyalash, Surxondaryo viloyatida joylashgan imtihon olish avtodromi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bolalarda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha yetarli ko‘nikmalarni shakllantirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida olib borilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rejalari yuzasidan 2025-yilning 14-yanvariga qadar asoslantirilgan tushuntirishlar berish bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi.

Senator so‘rovi natijalari Senat rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Avvalroq “Gazeta.uz” yuqorida qayd etilgan muammo O‘zbeksitonning boshqa hududlarida ham kuzatilayotgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Unda O‘zbekistonda 2023-yil oxirigacha 1400 dan ortiq nodavlat avtomaktab bo‘lgani. Ularning bor-yo‘g‘i 80 dan ortig‘i faoliyatini davom ettirayotgani qayd etilgandi.

Avtomaktablarni litsenziyalashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 408-sonli qaroriga o‘zgartishlar kiritilgandan so‘ng avtomaktablar litsenziya olish kamaydi.

“Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan soha vakillarining ta’kidlashicha, yangi talablar avtomaktablar uchun ancha og‘ir. Birinchidan, avtodrom maydoni 1 gektardan kam bo‘lmasligi kerak. Ikkinchidan, avtodrom avtomatlashtirilgan tizimlarga ega bo‘lishi kerak — bu butun avtodrom hududida kuzatuv kameralari, maxsus datchiklar va boshqa texnik vositalari bilan to‘ldirilishi kerak, degani. Uchinchidan, u nafaqat yengil avtomobillarni boshqarish, balki yuk mashinalari va avtobuslarni haydash bo‘yicha imtihonlarni topshirishga imkon beradigan bo‘lishi kerak.

“Gazeta.uz” muxbirlari bog‘langan bir necha avtomaktab vakillari haqiqatan ham avtodrom jiddiy muammoga aylanganini tasdiqladi. Haqiqatan ham, aksariyat avtomaktablarning o‘z avtodromi yo‘q. Shu vaqtgacha avtodromi yo‘q o‘quv muassasalari avtodromlarni ijaraga olgan (bir avtodrom bir necha avtomaktab tomonidan ijaraga olinishi ham mumkin edi). Masalan, vakili “Gazeta.uz”ga intervyu bergan bir avtomaktab joriy o‘zgarishlargacha amaliy (avtodrom) mashg‘ulotlarini xalq orasida “Fayzobod GAI” nomi bilan tanilgan Mirobod tumanidagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida o‘tkazgan (u 2024-yil 8-yanvarida ta’mirlash ishlari sabab yopilgandi, mart oyida prezident tashrif buyurganida, u joy diagnostika markaziga aylantirilishi aytilgandi).

“Bir kulgili muammo bor. Biz faqat “B toifa (yengil avtomobillar) bo‘yicha haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qitamiz. Lekin respublika YHXX bizning ixtiyorimizdagi avtodromda qolgan toifadagilar uchun sharoit bo‘lishi kerakligi haqida buyruq chiqarib qo‘ydi. Biz bu masalada shahar YHXXga bordik, ular bu masalani hal qilolmasligi aytdi. Keyin respublika YHXXga bordik, ular esa bir gektardan kam bo‘lmasin va hamma uchun sharoit bo‘lsin, deb turibdi. Biz faqat bitta toifa bo‘yicha o‘qitadigan bo‘lsak, nega avtodromimizda qolgan toifalar bo‘yicha ham sharoit qilishimiz kerak axir?”, — deydi Toshkentdagi bir avtomaktab vakili.

Avtomaktablar talablarni yumshatishni so‘rayotgani haqidagi savolga YHXX matbuot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev shunday javob qaytardi: “Yangi talablarni tasdiqlagan qaror bor. Shu vaqtgacha shu talablarni bajargan avtomaktablarga faoliyatini qayta boshlashga ruxsat berilyapti. Boshqalar ham talabni bajarsa, ruxsat beriladi. Nodavlat avtomaktablarning egalari — tadbirkorlar va ular haydovchilikka o‘qitgani uchun pul oladi. Agar ular shu tadbirkorlik turi bilan shug‘ullanishni istasa, marhamat, o‘quv maydonlarini talab darajasida jihozlasin va ishlayversin. Bu davlatning talabi”.