Toshkentdagi Buka Gym sport zalida ayiq bilan jang qilgan bokschi Shahram G‘iyosov jarimaga tortildi va bu ishi uchun uzr so‘radi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Instagram`da musiqa bilan e’lon qilingan rolikda sportchi jonivorni bir necha bor chalqanchasiga yiqitgani, bu paytda ayiqni boshqa bir kishi jilovida ushlab turgani aks etgan.

Ekologiya vazirligi ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazib, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan Shahram G‘iyosovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini bildirdi. U bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida jarimaga (1 mln 125 ming so‘m) tortildi.

Video ishtirokchilari va tashkilotchilardan tegishli tushuntirish xatlari olingan. Ayiq Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Qolaversa, bokschi vazirlikka chaqirtirilib, yovvoyi hayvonlarni saqlash va turli maqsadlarda foydalanish, hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish taqiqlangani tushuntirilgan.

“Aytganingizdan keyin hammasini tushundik. Xudo xohlasa, unday narsalar boshqa bo‘lmaydi”, — deya uzr so‘ragan sportchi.

ayiq, bokschi, жарима, шаҳрам ғиёсов, экология vazirligi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindorining harakatlari qoralangandi. Foydalanuvchilar videoni joylashtirgan kanaldagi post ostida “dahshatli”, “jirkanch”, “hayvonlar ustidan kulish” kabi sharhlarni qoldirgan. Keyinchalik video o‘chirilgan va Buka Gym video suratga olinganidan bexabar ekanini ma’lum qilib video uchun uzr so‘ragan.

Vazirlik yovvoyi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishni keskin qoralab, bu kabi huquqbuzarliklar qonunchilikka ko‘ra qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.