Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni bir nechta davlat banklarini xususiylashtirishning so‘nggi muddatlarini uzaytirishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.
Xususan, “Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) va “Aloqabank”dagi davlat ulushlarini sotish muddatlari 2025-yilga ko‘chirildi. Prezidentning 2020−2025-yillarda bank tizimini isloh qilish strategiyasi bo‘yicha farmoniga (2020-yil 13-maydagi PF-5992-sonli) buni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Dastlab, mamlakatdagi ikkinchi yirik bank hisoblangan “O‘zsanoatqurilishbank”dagi barcha davlat ulushini 2022-yil oxirigacha, keyinchalik esa 2023-yil oxirigacha savdoga chiqarish rejalashtirilgandi. Shundan so‘ng 2024-yil oxirigacha xususiylashtirish orqali bankdagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirishga qaror qilindi, ammo bu amalga oshmadi.
Hozirda bank O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (mamlakat suveren jamg‘armasi, bankdagi ulushi 82,19 foiz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (13,48 foiz), “O‘ztransgaz” (1,21 foiz) va boshqa aksiyadorlar (2,26 foiz) tomonidan boshqariladi.
Avvalroq “Asakabank” xususiylashtirish muddati 2023-yil oxiridan 2025-yil oxirigacha surilgani xabar qilingandi. 2024-yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan “Asakabank”ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuv imzolanganini ma’lum qilgandi.
“Asakabank” bugungi kunda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (88,22 foiz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (10,85 foiz), Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (0,73 foiz), “O‘zavtosanoat” (0,1 foiz), “O‘zagrosug‘urta” (0,08 foiz) va “O‘zbekinvest”ga (0,02 foiz) tegishli.
2025-yil 1-yanvargacha (avval 2023-yil 1-iyulgacha edi) fond birjasida “Aloqabank” uchun IPO o‘tkazish rejalashtirilgandi. Bu bankdagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi — 61,8 foiz, “O‘zbektelekom” — 22,03 foiz, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi — 6,3 foiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 4,32 foiz, “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK — 2,11 foiz, boshqalar — 3,44 foiz.
Avvaroq davlat rahbari Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonning boshqa yirik banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlari faol davom etayotganini ta’kidlagandi.
2024-yil mart oyida Fitch Ratings direktori o‘rinbosari Pavel Kaptel O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirishni yana kechiktirishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularni sotuvdan oldingi tayyorlash jarayonlari hamon davom etmoqda. U davlat ulushlarini o‘z vaqtida sotish xalqaro moliya tashkilotlarining banklar kapitaliga qo‘shilishi bilan ham bog‘liqligini aytgandi.