Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilarning sovuq havoda yupun kiyimda tadbirga jalb qilingani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, holat 6-dekabr kuni Denov tumanidagi temiryo‘l ustidan o‘tgan ko‘prikning ochilish marosimida sodir bo‘lgan. Sovuq ob-havoda tumanning 14 va 16-sonli musiqa maktablarining o‘quvchilari (16 nafar qiz hamda 4 nafar o‘g‘il bola) tumanning madaniyat bo‘limi topshirig‘iga ko‘ra yengil bayramona kiyimlarni kiygan holda jalb qilingan.

Holat yuzasidan bolalar ombudsmani Madaniyat vazirligiga bolalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ygan mas’ullarga tegishli chora ko‘rish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritdi.

Taqdimnoma vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilib, ikkala maktab direktorlariga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llangan.

Shuningdek, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarga yuqorida qayd etilgan qonun buzilish holatlariga takroran yo‘l qo‘ymaslik, o‘quvchilarni har qanday tadbirlarga asossiz jalb qilishni qat’iyan taqiqlash choralarini ko‘rishga oid ko‘rsatmalar berildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bunday holatlar hududlarda tez-tez uchrab turadi. Xususan, yupun kiyingan bolalar Shahrisabz shahrida hokimiyatning kechki tadbiriga, Qibray tumanida mehmonlarni kutib olishga va Jizzaxda kutubxona hamda Shovot tumanida bog‘cha ochilish marosimiga jalb qilingan.