Buxoro viloyati Jondor tumanida yashovchi 17 yoshli Murodjon Zuvurov 2024-yil dekabr oyi boshida 17 mlrd so‘mlik kriptoaktivlarning noqonuniy savdosida gumonlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, yigitga qo‘zg‘atilgan ish tergovchi qarori bilan harakatdan tugatildi. Ushbu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga Buxoro viloyati IIB matbuot kotibi Shuhrat Jalolov ham tasdiqladi.

U Binance kriptobirjasi orqali 2024-yil may oyidan noyabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 1 mln 346 ming 267 dollar miqdorida kriptoaktivlar sotib olib, 1 mln 346 ming 426 dollar miqdoridagi aktivlarni noqonuniy ravishda sotgan.

Ma’lum qilinishicha, Zuvurov jinoyatning ochilishiga faol yordam bergani, aybiga to‘liq iqror bo‘lgani va qilmishidan pushaymonlik bildirgani uchun jinoyat ishini uning aybliligini hal qilmasdan turib tugatishga sabab bo‘lgan.

Murodjon Zuvurov o‘z ko‘rsatmalarida Buxoro davlat universitetida kechki ta’limning iqtisodiyot va turizm yo‘nalishi bo‘yicha 1-bosqichida o‘qiyotganini, oilada yolg‘iz farzand ekanini, onasi nafaqadaligini va uning nafaqasi kunlik ehtiyojlarga yetmasligini bildirgan.

Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi viloyat IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, podpolkovnik E.A.Qosimov tomonidan tugatilgan. Yigitga jinoyat ishi doirasida hujjatlashtirib olingan iPhone 15 Pro Max telefoni qaytarib berilishi belgilangan, qolgan ashyoviy dalillar jinoyat ishi hujjatlari bilan birgalikda saqlanadi.

Tergovchining qarorida Zuvurovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 84−5-moddasi 2-bandiga (ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa) asosan tugatilgan.

“Bu soha [kriptoaktivlar savdosi] hali to‘liq tartibga solinmagan. Litsenziya olish ham juda qiyin. Men naqd pulda yoki anonim ko‘rinishda oldi-berdi qilmaganman. Faqatgina kriptobirja orqali savdo qilganman. Menga o‘xshab ishlaydiganlar juda ko‘p. Mening faoliyatim haqida tasodifan xabar topishgan”, — deya ta’kidlagandi Murodjon Xo‘p Podcast`dagi chiqishida.

Jamoatchilik faoli, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ushbu holat yuzasidan bir necha bor chiqishlar qilib, Murodjon Zuvurovning o‘zi bilan ham uchrashgandi. U yigitni jinoyatchi emas, O‘zbekistonning faol yosh “oltin bosh”laridan biri deb hisoblashini aytgandi.