Markaziy bank 1 AQSh dollarining 6-yanvardagi kursini 12 942,01 so‘m etib belgilagan edi. Shundan so‘ng 6-yanvar soat 11:00 holatiga ko‘ra 5 ta tijorat bankida 1 AQSh dollari 13 000 va 13 005 so‘mdan sotilmoqda.

Xususan, Infinbank, OFB, Tenge Bank, Hamkorbank 1 AQSh dollarini 13 000 so‘mdan, KDB bank Uzbekistan esa 13 005 so‘mdan sotmoqda. “Xalq banki”, Anor bank va “Aloqa bank” dollarni eng arzon narxda — 12 945 so‘mdan taklif qilmoqda.

Sotib olish kursi esa banklarda 12 880 so‘mdan 12 940 so‘mgacha (faqat Asakabank’da) bo‘lgan oraliqa belgilangan.

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilanadigan rasmiy AQSh dollari kursi 2024-yilda 581,71 so‘mga — 27-dekabr kuni valyuta birjasidagi so‘nggi savdo kunida 12 338,77 so‘mdan 12 920,48 so‘mga ko‘tarildi. Yil davomida milliy valyuta 4,71 foizga qadrsizlandi. Milliy valyutaning devalvatsiya sur’ati 2023-yilga nisbatan past (9,92 foiz), biroq 2022-yilga (3,58 foiz) nisbatan yuqori bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda dollarning so‘mga nisbatan o‘rtacha yillik kursi 13 250 so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda.