6-yanvar kuni O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida O‘zbekistonda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, jumladan, elektron sigaretalar muomalasini taqiqlash hamda javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Majlisda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda nikotinni yetkazib berish moslamalari, elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklar hamda qizdiriladigan tamaki mahsulotlarining O‘zbekistonga qonunga xilof ravishda olib kirish holatlari va aylanmasi ortib bormoqda. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlarni aholi, ayniqsa, yoshlar orasida iste’mol qilish holatlari ko‘paygan.
Ushbu qonun loyihasi bilan respublika hududida ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining, shu jumladan, elektron sigaretalarni ishlab chiqarish, tayyorlash, o‘tkazish maqsadida ularni saqlash, tashish yoki o‘tkazish taqiqlanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki hududidan olib chiqishga nisbatan ta’sirchan chora sifatida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda, deyiladi partiya axborot xizmati xabarida.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2024-yil aprel oyi o‘rtalarida tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan, ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining muomalasini taqiqlash va javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgandi.
Qonun loyihasida tamaki mahsulotlarini chekish bo‘yicha emas (chekiladigan va chekilmaydigan), balki tarkibiga ko‘ra turlarga bo‘lish taklif etilgan. Ushbu yondashuv yuridik amaliyotda ushbu qoidaning turlicha talqin qilinishining oldini olishi kutilmoqda.
Hozirda qonunga ko‘ra, bir dona sigareta (filtrli yoki filtrsiz) yoki qizdiriladigan tamaki mahsuloti aerozolida (bug‘ida, tutunida) nikotin miqdori bir milligrammdan oshmasligi kerak. Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish qizdiriladigan tamaki mahsuloti aerozolini (bug‘ida, tutunida) hisobga olmasdan, sigaretaning o‘zida nikotin tarkibini ko‘rib chiqishni taklif qiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga 186−2-moddasi (Muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shuningdek elektron sigaretalar va chilimlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, realizatsiya qilish, olib kirish) kiritilishi ham mumkin. Ushbu qoidabuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima jazosi nazarda tutiladi. Huquqbuzarlik ashyolarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.
Jinoyat kodeksini xuddi shu nomdagi 186−4-modda bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, ushbu harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa moddaning 1-qismida BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari nazarda tutilgan.
Agar bu harakatlar ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat lavozimini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar harakatlar juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ushbu jinoyatda hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik qilish, qonun loyihasiga ko‘ra, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan tahlilga ko‘ra, o‘smirlar va yoshlar kattalarga qaraganda elektron sigaretlardan uch baravar ko‘proq foydalanishadi. O‘rta maktab o‘quvchilari o‘rtasida elektron sigaretaga qiziqish jadal o‘sib bormoqda, xususan, 26,6 ming o‘g‘il va 8,6 ming qiz chekishga moyil, deyiladi tushuntirish xatida.
Qayd etilishicha, maktablar va jamoat joylarida o‘tkazilgan reydlar davomida maktab o‘quvchilaridan olib qo‘yilgan elektron sigaretalar soni yil sayin ortib bormoqda: 2019-yilda 6 ta, 2020-yilda 27 ta, 2021-yilda 31 ta, 2022-yilda 856 ta, 2023-yilda 1040 ta. 18−29 yoshdagi aholi orasida tamaki qizdirish tizimlaridan foydalanish darajasi (252 ming kishi) 30−69 yoshdagi aholiga (94,2 ming kishi) nisbatan 2,5 baravar yuqori.