Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Embraer 190 Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyoti ekipaj a’zolari halok bo‘lganlarning yaqinlari bilan uchrashuvda yana bir bor ushbu aviahalokatda odamlar halok bo‘lishida “Rossiya Federatsiyasi vakillari” aybdor ekanini aytdi va Rossiyadan aybdorlarni jazolashni, tergovning shaffofligini va “insoniy xulq-atvor”ni talab qildi. Uchrashuv 6-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi, Aliyevning nutqi matni Ozarbayjon yetakchisining saytida e’lon qilindi.

“Ishonch bilan aytishim mumkinki, ushbu falokatda Ozarbayjon fuqarolarining halok bo‘lishiga Rossiya Federatsiyasi vakillari aybdor. Biz adolatni talab qilamiz, aybdorlarni jazolashni talab qilamiz, to‘liq shaffoflik va insoniy xulq-atvorni talab qilamiz”, — dedi Aliyev.

“Rossiya davlat tuzilmalarining ushbu mojaroni bostirish va bema’ni versiyalarga urinishlari bizda hayrat, afsus va haqli g‘azabni uyg‘otmoqda. Begunoh odamlar halok bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ozarbayjon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Grozniydagi operatsiya Embraer 190 samolyoti yerdan o‘qqa tutilgandan keyin e’lon qilingan. “Bu yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, bu yerda jinoyat tarkibiga ega bo‘lgan juda jiddiy masalalar mavjud… Agar Rossiya havo hududiga tahdid bo‘lsa, u holda samolyot kapitani bu haqda zudlik bilan xabardor qilinishi kerak edi. Samoviy hudud zudlik bilan yopilishi va samolyot orqaga qaytishi kerak edi”, — dedi Aliyev.

Uning ta’kidlashicha, tragediyadan 10 kun oldin, Grozniyga uchayotgan AZAL aviakompaniyasi samolyoti osmon hududi yopilganidan so‘ng yarim yo‘lda ortga qaytganida ham shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lgan.

“Nima uchun bu safar samolyot ekipaji ogohlantirilmadi… Nima uchun samolyot Aqtuvga jo‘natildi… Bu mahalliy dispetcherlarning qarori bilan sodir bo‘ldimi yoki uchuvchilar Rossiya havo hududidagi radioelektron kurash vositalari endi ularga qo‘nishga imkon bermasligini anglab, o‘zlari shunday tanlovni amalga oshirdimi?” — dedi Aliyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ozarbayjonda hozir bu haqda ma’lumot yo‘q, lekin u “qora qutilar” ochilgandan keyin oydinlashadi.

Aliyevning aniqlik kiritishicha, Ozarbayjonning qistovi bilan “qora qutilar”ni ochish jarayoni Braziliyada olib borilmoqda (Embraer — Braziliyaning aviasozlik kompaniyasi — tahr.). Uning so‘zlariga ko‘ra, Boku tashkilotning xolisligiga shubha qilgani uchun Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi (MDH tuzilmasi — tahr.)ning tergovda ishtirok etishiga “qat’iy” qarshi bo‘lgan.

“Biz bu ishni bostirish, buni qandaydir qushlar yoki gaz ballonining portlashiga yo‘yish urinishlarini ko‘rganimizda, tabiiyki, men va Ozarbayjon jamoatchiligida ushbu tuzilma tomonidan tergovning xolisligiga shubhalar yetarli darajada jiddiy edi”, — dedi Aliyev.

U Ozarbayjon hukumati aviahalokat bo‘yicha tergovni “oxirigacha” olib borishga va’da berdi.

  • 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida AZAL aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi (shu jumladan, besh nafar ekipaj a’zosi) bo‘lgan — 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tirik qolgan. Yo‘lovchilar orasida Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bor edi.
  • Rossiya prezidenti Vladimir Putin 28-dekabr kuni Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, “fojiali voqea” uchun uzr so‘radi, ammo Rossiya tomonining bu ishdagi mas’uliyatini tan olmadi.
  • 29-dekabr kuni Embraer 190 ekipajining halok bo‘lgan a’zolari bilan xayrlashish marosimida Aliyev samolyot “bir so‘z bilan aytganda” “Rossiya tomonidan urib tushirilganini” aytdi va Rossiya rasmiylaridan aybini tan olishni, aybdorlarni jazolashni va jabrlanganlarga tovon to‘lashni talab qildi.