HAMAS Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish yuzasidan ehtimoliy kelishuv doirasida ozod qilinadigan 34 kishining ro‘yxatini ma’qulladi, deya xabar berdi Reuters harakat vakiliga tayanib.
Agentlik suhbatdoshining ta’kidlashicha, garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha har qanday kelishuv Isroil qo‘shinlarini G‘azo hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishishga, shuningdek, vaqtinchalik emas, doimiy o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga bog‘liq bo‘ladi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi HAMASdan garovga olinganlar ro‘yxatini olganini tasdiqlaganicha yo‘q. Reuters ro‘yxatning nusxasi borligi, ammo unda ko‘rsatilgan ismlar oshkor qilinmaganini ta’kidladi.
The Times of Israel nashrining aniqlik kiritishicha, Isroil HAMASga 34 nafar garovga olinganlar ro‘yxatini bir necha oy oldin taqdim etgan. Guruh ro‘yxatdagilarning qaysi biri tirik ekanini aniqlash uchun bir haftalik sulh talab qildi. Isroil hukumati yakuniy kelishuv tuzilmaguncha harbiy harakatlarni to‘xtatishdan bosh tortishi mumkin, deb yozadi nashr.
Gazetaning yozishicha, 2023-yil 7-oktabrdagi hujum paytida HAMAS garovga olgan 251 kishining 96 nafari G‘azo sektorida qolmoqda. Isroil harbiylari ularning uchdan bir qismi o‘lgan deb taxmin qilmoqda.
Reuters xabariga ko‘ra, Isroil vakillari Qatar va Misr vositachiligida HAMAS bilan muzokaralarni qayta tiklash uchun o‘tgan juma kuni Dohada bo‘lgan. Aftidan, tomonlar 20-yanvarga qadar, ya’ni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp lavozimga kirgunga qadar kelishuvga erishmoqchi.
Netanyahu avvalroq G‘azodagi urush Isroil HAMAS ustidan to‘liq g‘alabaga erishib, guruhning harbiy va siyosiy salohiyatini yo‘q qilganidan keyingina tugashini bir necha bor ta’kidlagan.