Ijtimoiy tarmoqlarda metapnevmovirus infeksiyasi va ushbu infeksiyaning COVID-19 dan ham xavfli ekani yuzasidan xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Ikramov ushbu virus haqida ma’lumot berdi.

“Metapnevmovirus avvaldan ma’lum infeksiya bo‘lib, birinchi marta 2001-yilda aniqlangan. Kasallik asosan havo-tomchi yo‘li orqali yoki ba’zi holatlarda ifloslangan yuzalar bilan aloqa natijasida yuqadi hamda tarqaladi”, — deydi mutaxassis.

Uning qayd etishicha, mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etiladi.

Xususan, qo‘shni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda ham ayni paytda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi kuzatilayotgani, shu jumladan, 10 yillardan buyon mamlakatda metapnevmovirus ham qayd etilayotgani ta’kidlangan.

“Metapnevmovirusning kuz-qish davrida yanada faollashuvi kuzatiladi. Bu infeksiya odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma belgilari bilan, xuddi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar shaklida paydo bo‘ladi, ba’zi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi”, — deydi Rustam Ikramov.

Kasallikni davolash odatda simptomatik bo‘lib, asosan uy sharoitida bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan muolajalar qo‘llaniladi. Og‘ir holatlarda kislorodli terapiya yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin. Metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketadi.

“O‘zbekistonda ham ayni vaqtda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Yurtimizda ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinyapti va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan”, — deydi boshqarma boshlig‘i.

“O‘tkir respirator kasalliklarning bunday ko‘tarilishi davrida aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa, kasallik belgilari yaqqol namoyon bo‘lib turgan fuqarolar bilan muloqotni cheklashga chaqiramiz”, — deydi Rustam Ikramov.