Nyu York AQShning haydovchilar tig‘iz vaqtlarda markaziy ko‘chalarda yo‘l haqi to‘laydigan birinchi shahri bo‘ldi, deb xabar berdi NBC News. Shahar hukumati shu tariqa megapolisdagi tirbandlik muammosini hal etish va jamoat transporti tizimini rivojlantirish uchun mablag‘ yig‘ishni mo‘ljallamoqda.

Dastur 5-yanvar kuni tushdan keyin ishga tushirildi. “Tirbandliklarni kamaytirish zonasi” butun Manhetten ishbilarmonlik hududini — 60-ko‘chadan to Moliya okrugining janubigacha qamrab oladi. Shaharning ushbu qismiga kirish narxi aksariyat transport vositalari uchun ish kunlari soat 5:00 dan 21:00 gacha va dam olish kunlari soat 9:00 dan 21:00 gacha 9 dollarni tashkil qiladi. Yuklama kamroq soatlarda esa 2,25 dollar.

Kichik yuk mashinalari va avtobuslar haydovchilari uchun tarif 14,40 dollar, yirik avtomobillar va turistik avtobuslar uchun 21,60 dollar miqdorida nazarda tutilgan.

To‘lov kuniga bir marta amalga oshiriladi. Favqulodda va davlat transport vositalari, maktab va shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslar, kam daromadli haydovchilar, shuningdek, jamoat transportidan foydalanishga imkon bermaydigan tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganlar bundan mustasno.

Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, dasturning amal qilishi natijasida shahar markazida avtomobillar soni 10 foizga kamayadi.

AQShning saylangan prezidenti va Nyu Yorkda tug‘ilgan Donald Tramp 20-yanvar kuni o‘z lavozimini egallashi bilanoq sxemani bekor qilishga va’da berdi.