Ijtimoiy tarmoqlarda yosh qizaloq enaga aybi bilan jiddiy jarohat olgani haqida ma’lumot tarqaldi. Bolalar ombudsmani idorasi holatni o‘rganib, nazoratga olgan.
Aniqlanishicha, Farg‘onada yashovchi fuqaro G. M. (1988-yilda tug‘ilgan) 2024-yil avgust oyida voyaga yetmagan qizi G. I. (2022-yilda tug‘ilgan)ni yuridik rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida fuqaro M. X. (1988-yilda tug‘ilgan) vasiyligiga topshirib, ishlash uchun Rossiyaga ketgan.
Bolalar ombudsmani idorasining ta’kidlashicha, ona M.X.ga muntazam ravishda uning xizmatlari va bolaning kundalik xarajatlari uchun pul jo‘natgan.
15-noyabr kuni ikki yoshli qizaloq uy zinasidan yiqilib, og‘ir jarohat olgan. Xabarga ko‘ra, enaga o‘z vasiyligidagi qizaloqni kasalxonaga olib bormagan, bu uning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan.
Kun.uz`ning yozishicha, qizning onasi enagadan bolalarini unga Telegram orqali ko‘rsatishni so‘ragan. Ayol bolalarni ko‘rganda, qizaloq og‘ir tan jarohati olgan, olti yoshli akasi esa ularga nisbatan doimiy shafqatsiz munosabatda bo‘linganini aytgan.
Qizda, xususan, bosh miya jarohati va hayot uchun xavfli bo‘lgan boshqa jiddiy jarohatlar aniqlangan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali shifokori G‘ayratjon Hotamovning aytishicha, bola og‘ir ahvolda, yarim hushsiz holatda bo‘lgan. Qizning bosh qismida kattagina shish bo‘lgan, peshona suyagi singan. Uni bolalar reanimatsiyasi bo‘limiga joylashtirishgan.
“Qizaloqning boshidan yarim litrga yaqin yig‘ilib qolgan eski qonni olib tashladik. Bolaning bosh va tana qismlarida jarohat alomatlari bor edi” — dedi shifokor.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, davolanishdan so‘ng qizning ahvoli yaxshilana boshlagan.
1-dekabr kuni M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 1-qismi (Xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Keyinchalik Bolalar ombudsmani idorasidan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilinishicha, 5-yanvar kuni enaga M. X. qo‘lga olinib, unga qo‘shimcha ravishda Jinoyat kodeksining 104-moddaning 2-qismi “b” va “v” bandlari (O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan; o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.