Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi bemor bolalar bilan to‘lgani, ularning bir qismi yangi virusga chalingani aytilgan xabarlar tarqalmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ushbu xabarlarni rad etib, holatga izoh berdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi bolalarning metapnevmovirusga chalingani xususidagi ma’lumotlar mutlaqo asossiz. Gap shundaki, Yangi yil arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jami beshta — Chaqaloqlarni parvarish qilish, Chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi, Gepatologiya, Nefrologiya hamda Umumiy pediatriya bo‘limlarida profilaktik yuvish-tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan”, — deyiladi SSV xabarida.
Qayd etilishicha, mazkur bo‘limlarning barchasi 6-yanvar kunidan qayta ochilgan va bu holat tabiiy ravishda bemorlar oqimi nisbatan ortishiga sabab bo‘lgan.
“Qolaversa, markaz ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda qayd etilgan yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni qabul qilish va davolashga ixtisoslashtirilmagan. Shunday ekan, Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan turli asossiz va tekshirilmagan xabarlar tarqatmaslikni so‘raydi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Vazirlik avvalroq metapnevmovirus yangi virus emasligini, u bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketishini ma’lum qilgandi.