Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.
Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.
O‘zbekistonda 6−9-yanvar kunlari ob-havosini Kaspiy dengizi orqali kirib kelayotgan siklon va uning ortidan kuzatiladigan antitsiklon belgilab, 6−7-yanvar kunlari shimolda yomg‘ir-qor, 8-yanvarga o‘tar kechasi ba’zi viloyatlarda qor yog‘ishi kutilyapti. Ushbu nam havo oqimidan so‘ng hududlarga kirib kelishi kutilayotgan antitsiklon 7−9-yanvar kunlari havo harorati tunda shimol va tog‘larda -10 darajagacha, boshqa viloyatlarda esa −5…−7 darajagacha past bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Shu tariqa, O‘zbekistonda haftaning dushanba va dam olish kunlari iliqroq, hafta o‘rtalarida sovuq harorat kuzatilishi kutilmoqda. Hafta davomida Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridan boshqa hududlarga yog‘ingarchilik juda kam tushishi, ko‘plab viloyatlarda umuman yog‘ingarchilik bo‘lmasligi prognoz qilingan.
Seshanba-payshanba kunlari yuqori bosimli sovuqroq havo oqimi ta’sirida joylardagi harorat pasayishini aholi o‘z tanasida his qiladi. Joriy chorshanba haftaning eng sovuq kuni bo‘lishi prognoz qilingan — bu kuni O‘zbekistonning katta qismida kunduzi ham nari-berisi bilan harorat nol atrofidagi muhitni ulashadi.
Chorshanba-payshanba kunlari kunduzi quyoshli ochiq havo kuzatilsa-da, uning taftini his qilish pastligicha qoladi. Chorshanbaga o‘tar kechasi ba’zi viloyatlarda qor yog‘ishi kutilmoqda. Hafta oxirlariga borib, mintaqaga janubdan iliq havo oqimining kirib kelishi hududlarda haroratning yana asta-sekin yuqori ko‘tarilishiga olib kelishi prognoz qilingan.
Dushanba kuni nam va iliq havo oqimi hududlarda haroratning +12 daraja, janubiy viloyatlarda +15 darajagacha ko‘tarilishini ta’minlaydi. Ushbu iliqlilikka o‘xshash ob-havo muhiti dam olish kunlari mintaqaga yana qaytadi.
Seshanba va payshanba kunduz kunlari ko‘plab hududlarda shamol tezligi soniyasiga 23 metrgacha kuchayishi, hafta davomida joylarga tuman tushishi, ayrim viloyatlarda bulduruq va yaxmalak hodisalari bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Chorshanbaga o‘tar kechasi Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyati aholisi mavsum uchun navbatdagi qor bo‘roni hodisalariga guvoh bo‘lishi ehtimoli bor.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 6-yanvar kuni joylarda iliqroq harorat kuzatiladi. Havo harorati O‘zbekiston bo‘ylab kunduz kuni +7…+12 daraja iliqqacha, janubiy viloyatlarda +15 darajagacha yetadi. Tog‘larda esa +0…+5 daraja iliqni tashkil etadi. Tunda respublikaning katta qismida harorat nol daraja atrofida bo‘lsa, tog‘lar va shimolda −5…−7 daraja sovuqqacha pasayadi.
Hududlarda kunduz kuni yog‘ingarchilik deyarli kuzatilmaydi. Faqat tonggi muddatlarda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, kunduzi tog‘larda, kechga tomon shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir-qor) bo‘lishi ehtimoli bor. Joylarga tuman tushishi mumkin.
Sinoptiklar 7−9-yanvar kunlari O‘zbekistonning aksariyat qismida yog‘ingarchiliksiz quruq ob-havo bo‘lishini prognoz qilgan. Seshanba kuni shimolda, chorshanbaga o‘tar kechasi va chorshanba kuni Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda tog‘larda yog‘ingarchilik (asosan qor) bo‘lishi ma’lum qilingan.
Bu kunlarda antitsiklonning O‘zbekistonga chuqur ta’sir etishi fonida joylarda harorat sezilarli pasayib boradi. Seshanba kuni shimoliy hududlar va tog‘lardan tashqari boshqa joylarda tunda ham nol daraja atrofidagi sovuq kuzatilsa, chorshanba va payshanba kunlari harorat nafaqat tunda, balki kunduzi ham pasayib ketadi. Chorshanba va payshanba tunlari janubiy viloyatlardan boshqa barcha hududlarda −7…−10 darajagacha pasayadi. Bu kunlarda kunduzi harorat -3 daraja sovuqdan +5 daraja iliqqacha, janubda +8 daraja iliqqacha o‘zgaradi.
Bu kunlarda hududlarga tuman tushishi mumkin, seshanba va payshanba kunlari hududlarda (vodiy viloyatlaridan tashqari) kuchli shamol hodisalari bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Hatto shamol tezligi ayrim viloyatlarda soniyasiga 18−23 metrgacha kuchayishi prognoz qilingan. Bunday beqaror ob-havo muhitida joylarga tuman tushishi, qor yoqqan hududlarda esa qordan so‘ng yaxmalak hodisalari kuzatilishi mumkin.
Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat fonida asta-sekin sezilarli o‘sish kuzatiladi. Buni kishilar ham o‘z tanida his qila boshlaydi. Ushbu kunlari yog‘ingarchiliksiz ob-havo muhiti kuzatiladi. Dam olish kunlari esa kunduz kuni ancha yuqori harorat kutiladi.
Shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.
“O‘zgidromet"ning boshqa bir axboroti hamda Global kompleks prognoz тизимиning prognozlariга ko‘ra, hafta davomida O‘zbekistonning Toshkent viloyatidan tashqari boshqa joylarida ancha quruq ob-havo bo‘lishi e’lon qilingan.
Manba: GEFS
Shunday qilib, kelayotgan hafta boshi va dam olish kunlarida havo iliqroq, o‘rtasida sovuqroq bo‘lishi kutilmoqda.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
Dushanba-seshanba kunlari O‘zbekistondan markazida atmosfera bosimi 1020 gPa gacha bo‘lgan siklon o‘tishi kuzatiladi, keyinroq, chorshanba-payshanba kunlarida markazida atmosfera bosimi 1045 gPa gacha bo‘lgan sovuq antitsiklon jarayoni hududlardan o‘tadi. Ushbu jarayon kishilar salomatligiga sezilarli ta’sir qilishi mumkin.
Ayniqsa, chorshanba va payshanba kunlari antitsiklonal ta’sir ob-havo o‘zgarishlariga moyil kishilar salomatligida o‘zgarishlar kuzatilishiga olib keladi. Yuqori atmosfera bosimi aholi sog‘lig‘iga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklari bilan og‘riyotgan kishilarga sezilarli ta’sir qilishi mumkin. Antitsilonal jarayonni inson salomatligiga ta’siri oldini olishda oldingi materiallardagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq.
Juma kunidan antitsiklonning tark etishi hududlarga iliqroq havoning kirib kelayotganiga “ishora” beradi.
Seshanba va payshanba kunlari havo oqimlarining joy almashinuvi fonida ko‘plab hududlarda tezligi soniyasiga 23 metrgacha yetadigan shamollar kuzatilishi kutilmoqda. Bu vaqtda “barik tubsizlik” jarayonining o‘rtacha darajasi ro‘y berib, ba’zi kishilar ushbu o‘zgarishdan ham ta’sirlanishi mumkin.
“Barik tubsizlik"ning eng ko‘p uchraydigan alomatlari — bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, fotofobiya, havo yetishmasligi, ko‘ngil aynishi va qon bosimining ko‘tarilishi yoki pasayishidir. Ko‘rsatilgan sanada miya qon oqimining buzilishi, gipertoniya, yurak xuruji xavfi ortishi mumkin.
Tavsiyalar. “Barik tubsizlik” holatida oqilona ish va dam olish rejimiga rioya qilish, stressli va ortiqcha jismoniy faoliyatdan qochish, uyqu rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Qahva, choy va shakarli ichimliklardan ko‘ra toza gazsiz suv, umuman, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish muhim.
Bioiqlimiy sharoitlar
Dushanba va yakshanba kunlari O‘zbekiston aholisi go‘yoki bahor boshidagi yoqimli iliq ob-havo muhitiga guvohi bo‘ladi.
Ammo shimolda seshanba-payshanba, boshqa hududlarda chorshanba-payshanba kunlari oralig‘ida antitsiklonal quruq ob-havo ta’sirida haroratning pasayishi odamlar his qiladigan haroratni ham pasaytiradi. Bu kunlarda qalinroq kiyinish tavsiya etiladi. Umuman, bu haftada kishilar tanasi, fiziologiyasida kuchli sovuqlik stresslarini keltirib chiqaradigan ob-havo muhiti kuzatilmaydi.
Chorshanbaga o‘tar kechasi Toshkent viloyati aholisi navbatdagi qor hodisalaridan estetik zavq olishlari mumkin.
Kosmik ta’sirlar
O‘zbekistonliklar haftaning uch ish kunida “sariq” darajali magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlariga guvoh bo‘lishlari mumkin. Quyoshda o‘tgan hafta tinimsiz kuchli chaqnashlardan ajralib chiqqan plazmalar quyosh shamollari orqali Yer magnitosferasiga urilishda davom etmoqda. Xususan, 4-yanvar kuni ham 3 ta X sinfli chaqnashlardan birining plazma chet qismi dushanba kuni Yerga yetib kelishi prognoz qilingan.
Manba: xras.ru
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi dushanba, chorshanba va payshanba kunlari 3−4 ballik “sariq” xavf darajasiga ega magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlarini his qilishlari mumkinligi keltirilgan.
Manba: Ionos.kz
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Seshanba kuni nam havo oqimlarining hududlarga kirib kelishidan oldin joylarda pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga havoda ifloslanish ortishi mumkin. Chorshanba-payshanba kunlari antitsiklonal jarayonlar ham havoda mayda zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi. Mamlakatning ko‘plab hududlarida antitsiklonal jarayon ta’sirida Quyosh botishi va chiqishidan so‘ng kuzatiladigan inversiya fonida havoda suv bug‘ining to‘yinishi, xiralik (tuman, g‘ubor hodisalari), uning ortidan havoda biroz ifloslanishi yuzaga kelishi mumkin. Seshanba va payshanba kunlari esa ayrim hududlarda kuchli shamollarning esishi, chang massalarining qisqa muddat havoga ko‘tarishiga olib kelishi mumkin. Ammo, hozirgi mavsumdan kelib chiqib, bu uzoq davom etuvchi chang to‘zoni va chang bo‘roni hodisalariga aylanmaydi.
Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 6-yanvardan 12-yanvargacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar shanba-yakshanba kunlari bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilmoqda.