Seul okrug sudi impichment e’lon qilingani uchun vaqtincha hokimiyatdan chetlatilgan prezident Yun Sok Yolni hibsga olish orderini uzaytirdi, deb xabar bermoqda Yonhap.

Yuqori martabali mansabdor shaxslar o‘rtasidagi korrupsiyani tergov qilish boshqarmasi (CIO) orderni uzaytirishni so‘ragan.

CIO tergovchilari 3-yanvar kuni prezident qarorgohida Yun Sok Yolni ushlashga uringan, ammo qo‘riqchilar kirishni to‘sib qo‘yganidan keyin harakat muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

CIO rahbari O Don Un seshanba kuni Yunni hibsga olishga muvaffaqiyatsiz urinishi uchun uzr so‘radi va ikkinchi urinishda buyruqni bajarishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, CIO ikkinchi orderni ijro etishga “puxta tayyorgarlik ko‘radi”, chunki bu “so‘nggi imkoniyat” bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u prezidentni tanqid qilib, farmonni bajarmaslik qonun ustuvorligiga putur yetkazishini ta’kidladi.

CIO dekabr oyi boshida mamlakatda harbiy holat e’lon qilgani uchun Yunga qarshi isyon va hokimiyatni suiiste’mol qilish ishini tergov qilmoqda. Boshqarma hibsga olish orderini Yun tergovga kelish haqidagi uchta chaqiruv qog‘ozini e’tiborsiz qoldirganidan keyin so‘ragan. 31-dekabr kuni Seul okrug sudi — mamlakat tarixida birinchi marta amaldagi prezidentni hibsga olish uchun order berdi. CIO, shuningdek, prezident qarorgohini tintuv qilish uchun order oldi. Hibsga olish uchun buyruq 6-yanvargacha amal qilardi.

Yunni hibsga olish muvaffaqiyatsiz kechganidan so‘ng uning advokatlari CIO`da isyon ayblovlarini tekshirish vakolati yo‘qligini ta’kidladi va hibsga olish hamda tintuv orderlarini noqonuniy va haqiqiy emas deb atadi.

Prezident qarorgohi Seulning koreyscha Beverli-Hillz deb nomlanuvchi nufuzli Hannam-don tumanida joylashgan, deb yozadi Reuters. Yun Sok Yol u yerda rafiqasi Kim Kyon Xi, oltita it va beshta mushugi bilan yashaydi.

  • Prezident Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chorani muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Bir necha soatdan so‘ng parlament prezident qarorini blokladi va Yun uni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Keyingi bir necha kun ichida Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi rahbari Kim Yon Xyon iste’foga chiqdi va prezident, sobiq vazir va boshqa bir qator mansabdor shaxslarga nisbatan tergov boshlandi. Ular isyon, davlatga xiyonat va o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda.
  • 14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti ikkinchi urinishda Yunga impichmentni qo‘llab-quvvatladi. Uning prezidentlik vakolati to‘xtatildi. Ish ko‘rib chiqish uchun Konstitutsiyaviy sudga yuborildi, u prezidentni lavozimidan chetlatish yoki lavozimga tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.