O‘zbekistondagi vazirlik, idora va hokimliklarga “tejamkorlik va barqarorlikni ta’minlash” tamoyili asosida 2025-yilda budjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish topshirildi. Bu prezidentning 25-dekabrdagi “Davlat budjetining 2025-yil ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.
Budjet taqchilligining cheklangan darajasidan oshib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarga (bu yil yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilangan) faqat qo‘shimcha daromadlar mavjud bo‘lganda yoki xarajatlarning boshqa bandlarini qisqartirish hisobiga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, davlat organlariga mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan boshqaruv xodimlarining ish haqini oshirish (eng kam ish haqini oshirishdan tashqari), xizmat avtomobillarini sotib olish (maxsus transport vositalaridan tashqari), qimmatbaho yumshoq mebel va ofis jihozlarini sotib olish (bundan ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi sohalari mustasno) bo‘yicha takliflar kiritish taqiqlanadi.
Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘laridan xizmat avtomobillari, qimmatbaho mebel va ofis jihozlarini xarid qilish faqat Vazirlar Mahkamasining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Budjet tashkilotlarining 2025-yilga mo‘ljallangan xarajatlar smetasini tuzishda mebel va ofis jihozlari xarajatlari 2024-yilga nisbatan 10 foizga qisqartirilishi kerak (ta’lim va tibbiyot muassasalaridan tashqari).
Hokimliklarga budjet xarajatlari parametrlarini shakllantirishda ish haqi, dori-darmon, oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun mablag‘lar yetishmasligiga yo‘l qo‘yish taqiqlanadi.
Shuningdek, ularga mahalliy budjetlar va ularning qo‘shimcha manbalari hisobidan normativ-huquqiy baza bilan mustahkamlanmagan qo‘shimcha shtat birliklarini tashkil etish taqiqlandi.
Tadbirni moliyalashtirishning aniq manbaisiz o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2025-yil 1-yanvardan tuman va shahar darajasidagi sog‘liqni saqlash muassasalarini saqlash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahri budjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi.
Tumanlar va shaharlar budjetlari tasdiqlangan ilovalarga muvofiq xarajatlar yo‘nalishlari bo‘yicha shakllantiriladi.
Budjetlarni tasdiqlashning yangi muddatlari
20-yanvarga qadar budjet tashkilotlarining xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tasdiqlash, 25-yanvarga qadar ularni iqtisodiyot va moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish topshirildi.
Vaqtinchalik smetalar faqat yanvar oyi uchun amal qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil 1-sentabrga qadar vaqtinchalik xarajatlar smetasini tuzish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi lozim.
Oktabr oyida davlat budjeti parametrlari muhokama qilinar ekan, prezident davlat budjetida xalq manfaatlarini aks ettirish, shuningdek, xarajatlarni optimallashtirish va bu jarayonni yirik davlat korxonalarida boshlash kerakligini ta’kidlagan edi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlar o‘z iqtisodiy strategiyalariga xarajatlarni optimallashtirishni kiritgan.
Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni O‘zbekistonning 2025-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. YAIMning 6 foizga o‘sishi, inflyatsiyaning 7−8 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi bo‘yicha limit yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizdan 3 foizgacha (49,3 trln so‘m) pasaytirildi, tashqi qarzlar bo‘yicha limit 5,5 mlrd dollargacha oshirildi.
2022-yil mart oyida davlat rahbari budjet xarajatlarini 10 trillion so‘mga qisqartirish zarurligini aytgan edi. O‘shanda yil oxirigacha barcha hokimliklar, vazirlik va idoralarga binoni ta’mirlash, avtomobil, mebel va ofis jihozlari sotib olish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirish taqiqlangan edi. Bundan tashqari, ular aniq moliyalashtirish manbai bo‘lmasa, qurilishni boshlamasliklari kerak edi.