O‘zbekiston Markaziy banki bir foydalanuvchi uchun rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini chekladi. Bu haqda birinchi bo‘lib “Mijozlar uchun!” Telegram-kanali xabar berdi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ning bank sohasidagi manbasi tasdiqladi.
Markaziy bank vaqtinchalik tartibni ishlab chiqdi. Unga ko‘ra bitta jismoniy shaxs (bitta JSHSHIR uchun) bitta bankda ko‘pi bilan 5 ta va umuman barcha banklarda 20 tagacha, shu jumladan, virtual va kobeydjing kartalariga ega bo‘lishi mumkin.
Bunda ushbu talab xorijiy valyutada ochilgan kartalarga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, banklarga jismoniy shaxslarning kartalari (shu jumladan virtual) bo‘yicha 12 oy davomida hech qanday operatsiya amalga oshirilmagan bo‘lsa, karta egasini albatta xabardor qilgan holda ularni bloklash topshirildi.
Ushbu tartib xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tijorat banklariga ijro etish uchun yo‘llanmoqda.
Tartibning amal qilish muddati 2025-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrgacha belgilangan.
Regulyator noyabr oyi oxirida bir kishiga to‘g‘ri keladigan kartalar sonini cheklashni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Chora kartalar bilan shubhali (firibgarlik) operatsiyalarning oldini olishga va jismoniy shaxslarga tegishli bank hisobvaraqlari hamda kartalaridan firibgarlik sxemalarida foydalanishni kamaytirish maqsadiga qaratilgan, deb tushuntirdi Markaziy bank.
Ta’kidlanishicha, o‘sha paytda bank kartalari egalarining qariyb 97 foizi (22 million kishi) 5 tagacha, 3 foizi (770 ming kishi) 5 tadan 20 tagacha kartaga ega bo‘lgan va atigi 0,03 foizi yoki 7000 kishi 20 dan ortiq kartani ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Jismoniy shaxslar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan kartalar tahlil qilinganda, ushbu kartalarning bir qismidan (aksariyat hollarda egalarining bilishisiz) firibgarlik maqsadida foydalanish holatlari aniqlangan, deb ta’kidladi Markaziy bank.
Regulyator ma’lum qilishicha, 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 54,9 milliondan ortiq bank kartalari (dekabr oyi boshida — 56,9 million) — O‘zbekistondagi har bir kishiga 1,5 kartadan yoki mehnatga layoqatli har bir kishiga 2,9 kartadan (2023-yilda 19,58 million mehnatga layoqatli aholi bo‘lgan) muomalada bo‘lgan.
Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda sentabr oyi yakuniga ko‘ra to‘lov kartalari soni 80 million donaga yetgan, ya’ni o‘rtacha bir kishiga 4 ta karta to‘g‘ri keladi (aholi soni 20,2 million kishi). Qirg‘izistonda esa bu ko‘rsatkich 8,55 million donani tashkil etib, bir kishiga 1,2 ta karta to‘g‘ri keladi.