Siyosat

dayjest

O‘zbekiston yadro xavfsizligi bo‘yicha xalqaro shartnomalarga qo‘shiladi

Prezident farmoni bilan 2025-yil 1-iyuldan yuridik shaxslarga nisbatan yadroviy xavfsizlik talablarini buzganlik uchun jarimalar qo‘llanilishi joriy etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston to‘rtta xalqaro shartnomaga qo‘shilishi rejalashtirilmoqda.


dayjest

O‘zbekiston TIV rahbari Yevropa diplomatiyasining yangi rahbari bilan ilk telefon muloqotini o‘tkazdi

TIV rahbari Baxtiyor Saidov hamda YIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yangi tayinlangan oliy vakili Kaya Kallas o‘rtasida ilk telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tomonlar bu yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo — YI sammitini intiqlik bilan kutayotganini alohida ta’kidladi.


dayjest

Toshkent hokimi issiqlik ta’minoti subsidiyalari uchun 100 mlrd so‘m ajratish qarorini yashirib qo‘ydi, ammo uy olgan yetim bolalar ma’lumotlarini e’lon qildi

Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov issiqlik ta’minotiga subsidiya uchun 100 mlrd so‘m ajratish bo‘yicha qaror imzoladi va hujjatni cheklashni talab qiluvchi ma’lumotlar bo‘lmasa-da, uni yashirib qo‘ydi, yozdi Daryo. Yetim bolalarga uy-joy ajratish qarori esa ism-shariflar va manzillar ochiq holda e’lon qilindi.


Iqtisodiyot

dayjest

O‘zbekiston noyabr oyida oltinning dunyodagi ikkinchi yirik xaridoriga aylandi

O‘zbekiston Markaziy banki noyabr oyida 9 tonna oltin sotib oldi va ushbu qimmatbaho metallni eng ko‘p xarid qilgan ikkinchi davlat bo‘ldi.


dayjest

O‘zbekistondagi vazirlik va hokimliklarga mebel va ofis jihozlari xarajatlarini qisqartirish topshirildi

O‘zbekiston prezidenti vazirlik, idora va hokimliklarga 2025-yilda budjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish topshirig‘ini berdi. Davlat organlariga ish haqini oshirish, xizmat avtomobillari, qimmatbaho mebel va ofis jihozlarini sotib olish bo‘yicha takliflar kiritish taqiqlanadi.


dayjest

Qanot Sharq aviakompaniyasi 20 dan ortiq reysini bekor qildi

Qanot Sharq aviakompaniyasi A320 samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish tufayli yanvar-mart oylariga mo‘ljallangan 20 dan ortiq reysini to‘xtatadi. Ularning aksariyati O‘zbekiston shaharlaridan Moskva va Sankt-Peterburgga borib qaytish reyslaridir.


dayjest

Islom taraqqiyot banki guruhi O‘zbekistonda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 40 mln dollar ajratadi

O‘zbekistonda Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va o‘rta korxonalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash” loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun bank va Islom birdamligi taraqqiyot jamg‘armasi 40 mln dollar ajratadi.


dayjest

Markaziy bank bir foydalanuvchiga beriladigan bank kartalari sonini 20 tagacha chekladi

Markaziy bank bir mijozga beriladigan bank kartalari sonini vaqtincha chekladi. Endi bir bankda 5 tagacha, jami esa 20 tagacha, shu jumladan, virtual va kobeydjing kartalarini (valyuta kartalaridan tashqari) olish mumkin. Agar bir yil davomida kartadan foydalanilmasa, banklar ularni bloklaydi.


dayjest

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi

Davlat qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Hukumat qaroriga ko‘ra, “yashil” iste’mol kreditlari ajratiladigan xizmatlar turi ko‘paytirilmoqda.


Jamiyat

dayjest

Shavkat Mirziyoyev Xitoyda yuz bergan zilzila yuzasidan Si Szinpinga ta’ziya yo‘lladi

O‘zbekiston prezidenti Xitoy janubi-g‘arbidagi kuchli zilzila oqibatida yuzga yaqin inson halok bo‘lgani yuzasidan mamlakat raisi Si Szinpinga ta’ziya yo‘lladi. U qurbonlar oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlar tezroq shifo topishini tiladi.


dayjest

Toshkent — Xo‘jakent yo‘nalishidagi elektropoyezdlar endi Janubiy vokzaldan harakatlanadi

10-yanvardan Toshkent — Xo‘jakent yo‘nalishidagi elektropoyezdlar Janubiy vokzaldan harakatlana boshlaydi. Ular shu paytgacha Shimoliy vokzaldan yurgan.


dayjest

Jizzaxda kir yuvish mashinasi ichiga tiqilib qolgan bola qutqarildi

Jizzax shahrida qutqaruvchilar kir yuvish mashinasining quritish qismida qisilib qolgan bolani qutqardi. Bola jarohatlanmagan.


dayjest

Qonunchilik palatasi organlari prezident tashabbuslarini og‘ishmay amalga oshirishi lozim bo‘ladi — Rahim Hakimov

Qonunchilik palatasi spikeri o‘ribosari Rahim Hakimov palataning barcha organlari bu yilgi faoliyatida prezident tashabbuslarini birinchi galdagi vazifa sifatida belgilab, ularni og‘ishmay amalga oshirishi lozim bo‘lishini ta’kidladi.


dayjest

Chirchiq daryosidan qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga qariyb 700 mlrd so‘m zarar yetkazildi

Toshkentdagi Chirchiq daryosidan noqonuniy qum-shag‘al qazilgani oqibatida tabiatga qariyb 700 mlrd so‘m zarar yetkazildi. Aybdorlarga chora ko‘rish maqsadida hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.


dayjest

Utair’ning Peterburg-Samarqand reysi Vnukovoga favqulodda qo‘ndi

Utair aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdan Samarqandga uchayotgan samolyoti stabilizatordagi nosozlik tufayli Moskvaning Vnukovo aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.


dayjest

Qibrayda dorilarni elektron retsept asosida berish tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda

Toshkent viloyatining Qibray tumanida dorilar retseptini elektron yozish va berish tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Pilot loyihada tuman markaziy poliklinikasi va 8 ta dorixona qamrab olingan.


Jahon

dayjest

Kongress Donald Trampni AQSh prezidenti sifatida tasdiqladi

AQSh Kongressi vitse-prezident Kamala Harris raisligida Donald Tramp g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlari natijalarini tasdiqladi. Ovozlarni sertifikatlash rasmiyatchilik sanalsa-da, jarayon 2021-yilda Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirishi bilan yodda qolgan.


dayjest

Ukrainada prezident saylovi harbiy holat bekor qilingach o‘tkaziladi — Zelenskiy

“Ukrainada prezidentlik saylovi harbiy holat tugaganidan so‘ng darhol o‘tkaziladi”, — dedi Vladimir Zelenskiy. “Yoki parlament qonunchilikni o‘zgartirishi kerak”, — degan prezident qonun urush sharoitida saylov o‘tkazishni taqiqlashiga ishora qildi va jamiyat bunga qarshi ekanini bildirdi.


dayjest

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo o‘z iste’fosini e’lon qildi

2015-yildan beri Kanada bosh vaziri va Liberal partiya yetakchisi bo‘lib kelgan Jastin Tryudo iste’foga chiqqanini e’lon qildi, bu hukumatda tartibsizliklar kuchaygan pallada yuz berdi. Tryudo partiya yangi nomzodni tanlaguncha lavozimida qoladi. Iste’fodan so‘ng Tramp Kanadaga 51-shtat bo‘lishni yana taklif etdi.


dayjest

Tibetda 6,8 magnitudali zilzila yuz berdi, o‘nlab odamlar halok bo‘ldi

Tibetning baland tog‘li tumanlaridan birida 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Kamida 53 kishi halok bo‘ldi, 62 kishi jarohat oldi. Zilzilalar Nepal, Butan va Hindistonda ham sezildi.


dayjest

Trampning Grenlandiya haqidagi bayonotidan so‘ng Daniya o‘z gerbini o‘zgartirdi

Daniya qiroli Trampning orolni sotib olish haqidagi bayonotidan keyin mamlakat gerbini o‘zgartirib, unda Grenlandiya ramzini kattalashtirdi. Dizayn Farer orollari va Grenlandiya ustidan nazoratni saqlab qolish niyatini ko‘rsatadi. Avvalroq Daniya bosh vaziri Trampga “Grenlandiya sotilmaydi” deya javob bergandi.


dayjest

Koreya sudi prezident Yun Sok Yolning hibsga olinishiga oid orderni uzaytirdi

Seul okrug sudi mamlakatda harbiy holat joriy etilgani uchun impichment e’lon qilingan prezident Yun Sok Yolni hibsga olish orderini uzaytirdi. Tergovchilarning Yunni ushlashga bo‘lgan avvalgi urinishlari qo‘riqchilar qarshilik ko‘rsatgani sababli muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.


Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!